O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

05.09.2018 15:47 Chop etish versiyasi

Xalqaro maqom sanʼati anjumani dovrugʻi butun dunyoga taraladi

Xalqaro maqom sanʼati anjumani dovrugʻi butun dunyoga taraladi
Xalqaro maqom sanʼati anjumani tafsilotlarini chet mamlakatlar va yurtimizda keng yoritish uchun 40 dan ortiq xorijiy va 100 ga yaqin mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditatsiyadan oʻtkazilgan.

Bugun mahalliy hamda chet ellik jurnalistlarning faoliyat koʻrsatishlari, Shahrisabz shahridagi Oqsaroy maydonida boʻlib oʻtadigan anjuman va mazkur anjuman doirasida oʻtkaziladigan turli tadbirlardan tezkor materiallar tayyorlashlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish, ularga anjuman haqida maʼlumotlar, videomateriallarni taqdim etish, shuningdek, tadbir haqida yangiliklarni tezkorlik bilan tarqatib borish maqsadida tashkil etilgan Xalqaro maqom sanʼati anjumani Matbuot markazi oʻz faoliyatini boshladi.

Markazda zamonaviy kompyuterlar, yuqori tezlikka ega internet, wi-fi tarmogʻi va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun zarur barcha qulayliklar yaratilgan. Ayni paytda Matbuot markazida “Rossiya 1” telekanali, Turkiyaning “TRT“ telekompaniyasi ijodkorlari, bundan tashqari, 20 dan ortiq mahalliy OAV vakillari ish olib bormoqda.

Maʼlumot oʻrnida: jurnalistlarga qulaylik yaratish maqsadida anjumanning rasmiy www.maqomforum.uz sayti ishga tushirilgan. Ushbu saytdan tadbir haqida nafaqat eng soʻnggi yangilik va maʼlumotlarni, balki foto va videomateriallarni ham olish mumkin.

OʻzA