O‘zA O`zbek

03.03.2020 Chop etish versiyasi

Xalqaro konferensiya shoʻba yigʻilishlarida davom etdi

Xalqaro konferensiya shoʻba yigʻilishlarida davom etdi

Samarqandda oʻtkazilayotgan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya taʼlimoti: oʻtmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari anjumanni shoʻba yigʻilishlarida davom ettirdi.

Birinchi sessiyada oʻzbekistonlik islomshunos olimlar, ilmiy markazlar rahbarlari bilan bir qatorda, Germaniya, Bolgariya, Malayziya, Qozogʻiston va Qirgʻiziston vakillarining maʼruzalari tinglandi. “Imom Moturidiy uslubiyati va yoshlarni gʻuluv va begonalashishdan himoya qilish”, “Moturidiylikning islom aqidasiga xizmat qilishga qaratilgan saʼy-harakatlari”, “Moturidiyning dualizmga asoslangan bilish nazariyasi”, “Moturidiya taʼlimoti: qalb va aql birligi”, “Moturidiya kalom maktabiga oid yangi manbalar tahlili”, “Jamiyatda sogʻlom ijtimoiy muhit barqarorligida moturidiya taʼlimotining ahamiyati (Abul Muʼin Nasafiy qarashlari asosida)”, “Hanafiy-moturidiylik taʼlimoti rivojida Abu Hafs Nasafiy “Aqoid” asarining oʻrni” singari sermazmun maʼruzalar ishtirokchilar tomonidan qiziqish bilan kutib olindi.

Ikkinchi sessiya “Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida din va davlat munosabatlari”, “Soxta salafiylik soyasida: Imom Moturidiyning sunniylik ilohiyatini oʻrganish”, “Abu Mansur Moturidiyning fiqhiy va usuliy qarashlari”, “Moturidiylikning yaxshilik va yomonlikka masalalariga doir qarashlari”, “Aql va bilim Imom Moturidiy taʼlimotida muhim asos sifatida” mavzulariga bagʻishlandi. Mazkur mavzularda Oʻzbekiston, Bosniya va Gersegovina, Misr, Malayziya, Turkiyaning islom diniga ixtisoslashgan oliy oʻquv yurtlari, ilmiy markazlari, akademiyalari olimlarining maʼruzalari tinglandi.

Xalqaro konferensiya ertaga oʻz ishini davom ettiradi.

1 856
Gʻayrat XONNAZAROV, OʻzA