O‘zA O`zbek

20.08.2019 Chop etish versiyasi

Xalqaro Hunarmandchilik festivaliga 9 ta mehmonxona shay qilinmoqda

Xalqaro Hunarmandchilik festivaliga 9 ta mehmonxona shay qilinmoqda

Xalqaro Hunarmandchilik festivaliga mezbonlik qilayotgan shaharda yurtimiz aholisi va chet ellik mehmonlarga qulaylik yaratish maqsadida 9 ta mehmonxonada munosib shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Mazkur binolarning fasadlari zamonaviy arxitektura va shaharsozlik normalari asosida joriy ta’mirlanmoqda, shuningdek, yangi mehmonxonalar qurilmoqda. Yangi bunyod etilayotgan mehmonxona ham festivalga katta tuhfa bo‘ldi.

Mehmonxonaning ochilish marosimi katta shodiyonaga aylandi. Nuroniylar duoga qo‘l ochib, yangi jamoa faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilashdi.

Zamonaviy asosda bunyod etilgan mehmonxonada 23 ta xona mavjud bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 55 nafar mehmonga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Barcha qulayliklarga ega mehmonxona milliy va jahon andozalari asosida ko‘rkam bezatilgan.

Bugungi kunda Qo‘qon shahrida yangi mehmonxonalar qurilishi uchun tashabbuskorlarga jami 22 ming 645 metr kvadrat yer maydoni ajratilib, qurilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Loyihalarning umumiy qiymati 141 milliard 500 million so‘mni tashkil etadi. Yangi mehmonxonalarda turistlarga xizmat ko‘rsatish uchun 368 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Bundan tashqari 115 ta uy mehmonxonalari ham tashkil etilyapti. 90 ga yaqin uy mehmonxonasiga ruxsatnomalar berildi.

595
Ma’sudjon SULAYMONOV, O‘zA