O‘zA O`zbek

14.05.2018 21:00 Chop etish versiyasi

Xalqaro hamkorlikning yangi istiqbollari

Navoiyda Prezidentimizning joriy yil 2-mart kuni ushbu viloyatga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlarga bag‘ishlangan xalqaro biznes-forum o‘tkazildi.

11-12 may kunlari o‘tkazilgan tadbirda dunyoning 34 davlatidan 170 dan ziyod investorlar, mamlakatimizdagi diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar dastlab Nurota, Navbahor va Karmana tumanlarida bo‘lib, ushbu hududlardagi ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishdi. Ularga viloyatning investitsiya salohiyati, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar xususida ma’lumot berildi.

Ayni paytda viloyatda bir qator rivojlangan mamlakatlar hamkorligidagi 70 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan o‘nlab turdagi qurilish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilayotir.

Forumning ikkinchi kuni “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi bo‘ylab sayohat bilan boshlandi. Mamlakatimizdagi erkin iqtisodiy zonalar va sanoat hududlarining faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, bugungi kunda mamlakatimizda xuddi shunday 12 zona hamda 45 sanoat hududi faoliyat ko‘rsatayotgani, ularda yaratilgan soliq va boshqa imtiyozlar xorijlik tadbirkorlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Hudud direksiyasining anjumanlar saroyida bo‘lib o‘tgan konferensiyada ishtirokchilarga viloyatning logistika imkoniyatlari hamda yaratilgan boshqa qulayliklar xususida taqdimotlar o‘tkazilib, tegishli ma’lumotlar berildi.

– Mamlakatimiz O‘zbekiston, xususan, Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan ko‘p yillardan buyon hamkorlik qilib keladi, – deydi Belarus Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Leonid Marinich. – Jumladan, yurtingizning tog‘-kon sanoati uchun “BelAZ” rusumli yuk avtomashinalari yetkazib bermoqdamiz. Yaqinda ishbilarmonlarimiz O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarish korxonasini tashkil etdi. Bundan tashqari, ayni paytda Navoiyda broyler tovuq yetishtirish bo‘yicha ham yirik loyihani amalga oshirish harakatidamiz. Hozirda bu borada muzokaralar olib borilmoqda. Umuman, o‘zaro iqtisodiy aloqalarimiz yildan-yil kengaymoqda.

– Kompaniyamiz 2002-yildan buyon Qiziltepa tumani hududidagi To‘dako‘l suv havzasida baliq yetishtirish bilan shug‘ullanadi, – deydi Isroil davlatining “Galidi” kompaniyasi menejeri Ofer Berzak. – Bugungi kunda Aydarko‘lda ham baliqchilik, xususan, konservalash loyihasini amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Forum doirasida tegishli mutasaddilar bilan ushbu istiqbolli loyiha yuzasidan o‘zaro kelishuvga erishdik. Kelgusida faoliyatimizni kengaytirish imkoniyatlari paydo bo‘ldi.

– O‘zbekiston serquyosh o‘lka, binobarin, bu yerda tabiiy energetika ishlab chiqarish imkoniyatlari katta, – deydi Finlyandiyaning “ABB” kompaniyasi biznesni rivojlantirish direktori Glen Nyuxolm. – Bizning korxonamiz ayni shu yo‘nalishda ish olib boradi. Xalqaro forum doirasida yurtingizning muqobil energiya ishlab chiqarish borasidagi imkoniyatlari bilan atroflicha tanishdik. Biz bu borada hamkorlik qilishga tayyormiz. Kelgusida mintaqada fotoelektr stansiyalar barpo etish loyihalari ustida ish olib borishni rejalashtirganmiz.

Forum doirasida mahalliy tadbirkorlar xorijlik hamkasblari bilan muzokaralar olib bordi. Uchrashuvlarda turizm, baliqchilik hamda qishloq xo‘jaligining boshqa sohalari yuzasidan bir qator kelishuvlarga erishildi. Shundan so‘nginvestorlarning forum yuzasidan hisobotlari tinglandi. Anjuman yakunida kelgusidagi hamkorlikni yanada jadallashtirish borasida 20 ga yaqin memorandum imzolandi.

TadbirdaNavoiy viloyati hokimi Q.Tursunov so‘zga chiqdi.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
2 603