O‘zA O`zbek

11.07.2019 21:13 Chop etish versiyasi

Xalqaro festivalga munosib tayyorgarlik koʻrilmoqda

Xalqaro festivalga munosib tayyorgarlik koʻrilmoqda

Toshkent viloyatida “Men Qoʻqon festivaliga boraman!” shiori ostida hunarmandchilik koʻrgazma-yarmarkasi oʻtkazildi.

“Hunarmand“ uyushmasi viloyat boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda viloyatning 60 nafardan ziyod eng mohir usta va hunarmandlari oʻz ijod namunalari bilan qatnashdi.

– Ushbu tadbir joriy yilning 10-15-sentyabr kunlari Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtadigan xalqaro hunarmandchilik festivaliga oʻziga xos tayyorgarlik vazifasini oʻtaydi, – deydi “Hunarmand” uyushmasi Toshkent viloyati boshqarmasi boshligʻi Dinmuhammad Masharipov. – Ayni paytda viloyatda 2 ming 200 dan ziyod usta va hunarmand faoliyat yuritmoqda. Bundan 2 yil avval ularning soni ming nafarga ham yetmasdi. Mamlakatimizda hunarmandchilikni rivojlantirish borasida qabul qilingan qonun hujjatlari tufayli ushbu soha jadal rivoj topmoqda. Qoʻqonda oʻtkaziladigan xalqaro hunarmandchilik festivali ham milliy hunarmandchilikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Qibray tumanidagi Doʻrmon madaniyat saroyida boʻlib oʻtgan koʻrgazma-yarmarkada namoyish etilgan milliy hunarmandchilikning Toshkent viloyatiga xos jihatlarini aks ettiruvchi hunarmandchilik mahsulotlari, ayniqsa, qibraylik va zangiotalik ustalarning yogʻoch oʻymakorligi, Ohangaron vohasi vakillarining quroqchilik borasidagi ijod namunalari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

– Bolaligimdan uydagi tikish-bichishlardan qolgan matolardan oʻzim uchun qoʻgʻirchoq yasab yurardim, – deydi zangiotalik Arofat Yoʻldosheva. – Oila qurib, ona boʻlgach farzandlarimga, buni koʻrib iltimos qilgan qoʻni-qoʻshnilarga ham shunday qoʻgʻirchoqlar yasab berdim. Men yasagan qoʻgʻirchoqlar tabiiy matodan tayyorlangani bois, gigiyenik va boshqa jihatdan bolalar uchun mutlaqo xavfsiz. Ayni shu jihati bilan qoʻgʻirchoqlarim tez orada mashhur boʻlib ketdi. Talab va takliflardan foydalanib, oilaviy hunarmandchilikni yoʻlga qoʻydik. Milliy qahramonlarimiz obrazida yaratilgan bunday qoʻgʻirchoqlarga yurtimizga kelayotgan xorijiy sayyohlarning qiziqishi yuqoriligi bois, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlaridagi muqaddas ziyoratgohlar, sayyohlar gavjum boʻlgan turistik markazlarga mahsulotimizni yetkazib beryapmiz. Shuningdek, qoʻgʻirchoqning uzun, qirq kokil qilib oʻrilgan sochi, atlas va adrasdan tikilgan milliy libosi, boshidagi doʻppisi bolalarga tarbiyaviy jihatdan ijobiy taʼsir oʻtkazishi sababli, bogʻchalardan qoʻgʻirchoqlarimizga talab koʻp.

A.XUDOYQULOV, O.GʻULOMOV (surat), OʻzA
926