O‘zA O`zbek

08.07.2020 Chop etish versiyasi

XALQARO EʼTIROF: Oʻzbekistondagi DXSHni rivojlantirish agentligi dunyoda ilgʻor tashkilot sifatida tan olindi

XALQARO EʼTIROF: Oʻzbekistondagi DXSHni rivojlantirish agentligi dunyoda ilgʻor tashkilot sifatida tan olindi

Bosh ofisi London shahrida joylashgan PPP Experts xalqaro tashkiloti Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligini 2020-yilda dunyoda samarali faoliyat yuritayotgan eng ilgʻor tashkilot, deb topdi.

“Oʻzbekiston Respublikasining Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bizning mukofotlar qoʻmitasi va maslahat kengashi tomonidan 2020-yilda dunyoning eng yaxshi rivojlanayotgan DXSH bozori sifatida PPP Experts mukofotiga loyiq koʻrildi. Tanlov jarayonida biz ushbu nufuzli mukofot uchun tanlangan bir nechta daʼvogarlarni sinchkovlik bilan oʻrganib chiqdik va Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligining erishayotgan ulkan yutuqlari uchun bu yilgi mukofotni unga berishga qaror qildik” deyiladi xabarda.

Xabarda, shuningdek, Oʻzbekistonda DXSH yoʻnalishida yetarli huquqiy baza yaratilgani, imzolangan bitimlar, muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan loyihalar, investorlarning mamlakatga qiziqishi ortib borayotgani haqida ham toʻxtalib oʻtilgan.

Maʼlumot uchun: PPP Experts tashkiloti dunyodagi koʻplab davlatlar va yirik moliya muassasalariga DXSH yoʻnalishida maslahatlar taqdim etish, turli tadbirlarni oʻtkazish orqali davlat hamda xususiy sektor hamkorligini yana-da mustahkamlashga yordam beruvchi tashkilot hisoblanadi. U 50 dan ortiq sohaning eng tajribali mutaxassislarini oʻzida jamlagan.

1 530
OʻzA