O‘zA O`zbek

06.11.2019 Chop etish versiyasi

Xalqaro anjuman ishtirokchilari yangi sement zavodi qurilishi bilan tanishdi

Xalqaro anjuman ishtirokchilari yangi sement zavodi qurilishi bilan tanishdi

Toshkent viloyatidagi “Ohangaronsement” aksiyadorlik jamiyatining faoliyat koʻrsatayotganiga qariyb oltmish yil boʻldi. Oʻtgan shu vaqt davomida korxona sement ishlab chiqarish boʻyicha katta tajriba toʻpladi.

Jamiyat bugungi kunda “Yevrotsement guruhlar” kompaniyasi tarkibida boʻlib, unda ishlab chiqarilgan sement mahsulotlari sifati jihatidan yevrostandart talablariga toʻliq javob beradi.

Mamlakatimizda qurilish sanoati rivojiga berilayotgan katta eʼtibor tufayli yangi sement ishlab chiqarish zavodlarini barpo etishga keng imkoniyat yaratilmoqda. Bunday oʻzgarishlar sabab “Ohangaronsement” aksiyadorlik jamiyatida Markaziy Osiyoda yirik boʻlgan yangi sement zavodi qurilishiga keng yoʻl ochdi.

Bunda “Oʻzqurilishmateriallari” uyushmasi va Rossiyaning “Yevrotsement guruhlar” kompaniyasi oʻrtasida yangi zavod qurilishi boʻyicha erishilgan kelishuv muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.

–2018-yilning oktyabr oyida ushbu zavodni qurish ishlari boshlangan edi, – dedi “Ohangaronsement” aksiyadorlik jamiyati texnika ishlari boʻyicha direktori Ulugʻbek Umaraliyev. – Oʻtgan qisqa muddatda jamiyatimiz hududida zamonaviy inshoot qad koʻtardi. 11 gektarni oʻz ichiga olgan yangi zavodda hozir mahalliy va xorijlik mutaxassislar mehnat qilmoqda. Qurilayotgan zavod sutkasiga 6200 tonna klinker va yiliga 3 million tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Joriy yilning 4-5-noyabr kunlari poytaxtimizda oʻtkazilgan “Sement sanoati va bozori” XVII Markaziy Osiyo xalqaro anjumani ishtirokchilarining bir guruhi bugun ushbu zavod qurilishi jarayonlari bilan tanishdi.

– Ikki kun davomida qurilish sohasi, xususan, sement ishlab chiqarish borasida xalqaro tajribalarni oʻrganishga muvaffaq boʻldik, – dedi Rossiyadagi “SMPRO” MCHJ ijrochi direktori Yevgeniy Vыsoskiy. – Yurtingizda sement sohasida amalga oshirilayotgan yangiliklar quvonarli. Negaki, aynan bu jarayonlardagi tajriba biz uchun ham foydali va oʻrganishga arziydi. Albatta, saʼy-harakatlar har doim natija beradi. Buni biz “Ohangaronsement” aksiyadorlik jamiyatida qurilayotgan yangi sement zavodining qurilishi bilan tanishib, yana bir bor amin boʻldik.

460
Nasiba ZIYODULLAYEVA, OʻzA.