Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.09.2018 19:41 Chop etish versiyasi

Xalq tabobati: amaliyot va xalqaro tajriba

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi shu mavzuda davra suhbati oʻtkazdi.

Unda deputatlar, sogʻliqni saqlash tizimining yetakchi mutaxassislari, tajribali huquqshunoslar, iqtisodchilar, olimlar ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimiz tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, tatbiq etilayotgan maqsadli dasturlar bilan bir qatorda, xalq tabobatini rivojlantirish, uni huquqiy tomonidan mustahkamlash maqsadida qonunchilik tizimini shakllantirish masalalari muhokama markazida boʻldi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda dunyo miqyosida xalq tabobatini huquqiy tartibga solish sezilarli darajada jadallashgan. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) oʻzining aʼzo davlatlari bilan birgalikda har bir mamlakatning milliy xususiyatlaridan kelib chiqib, mazkur sohadagi siyosatni ishlab chiqishga koʻmaklashmoqda. Hozirgi kunda JSSTga aʼzo 130 ga yaqin mamlakatda xalq tabobatining huquqiy maqomi belgilangan.

Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida xalq tabobatiga huquqiy baho berilmagan, yaʼni, uning huquqiy maqomi aniqlanmagan. Biroq amaliyotda xalq tabobatidan keng foydalanilmoqda.

Xalq tabobati – yaʼni tabiiy dori vositalari isteʼmolining ortib borishi ularning xavfsizligini taʼminlashni, sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning malakasi va masʼuliyatini yanada oshirishni taqozo qilmoqda. Bu masalani hal qilishda sohani tartibga solish va huquqiy asoslarini yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.

Davra suhbatida xalq tabobati borasida huquqiy munosabatlarni tartibga solish, bu boradagi qonunchilik tizimini takomillashtirish masalasi atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, mazkur yoʻnalishda milliy amaliyot bilan bir qatorda xalqaro tajriba ham tahlil qilindi.

Sohaning qonunchilik tizimini yaratish xususida deputatlar, ekspert va keng jamoatchilikning fikr-mulohazasi tinglandi.Takliflar umumlashtirilib qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

I.Ahatova, OʻzA
1 261