Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.12.2017 19:18 Chop etish versiyasi

Xalq qabulxonalari – inson huquqlarini himoya qilish va kafolatlashning muhim omili

Poytaxtimizda “Inson huquqlari Konstitutsiya va 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mohiyatida” mavzucida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya ishtirokchilari 12-dekabr kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi.

Yevropa Ombudsman instituti bosh kotibi Yozef Sigal, Qozog‘iston, Tailand, Moldova ombudsmanlari vakillari dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Mehmonlarga davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonaning yuridik va jismoniy shaxslar murojaatlari bilan ishlash borasida olib borayotgan ishlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Xalq qabulxonasidagi tibbiyot, ona va bola xonalari hamda fuqarolarni qabul qilish uchun yaratilgan sharoitlar ibratli tajriba sifatida e’tirof etildi.

– Odamlarning dardini tinglaydigan, ularning murojaatlarini o‘rganish va unga yechim topishga yordam beradigan bu kabi idoralar inson huquqlarini himoya qilish va kafolatlashda muhim ahamiyatga ega, – deydi Qozog‘iston parlamenti deputati, bola huquqlari bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasi vakili Z.Baliyeva. – O‘zbekistonda Xalq qabulxonalarining qisqa vaqtda jamiyat hayotida o‘z o‘rnini topgani, aholining ishonchiga sazovor bo‘lgani ham e’tiborga loyiq. Ayniqsa, bu yerda fuqarolarni qabul qilishda davlat organlari, mutasaddi idoralar mas’ullarining hozir bo‘lishi murojaatlarni qisqa vaqtda hal etish imkonini beradi.

Tashrif davomida mehmonlar Samarqand shahridagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, diqqatga sazovor maskanlarga sayohat qilib, xalqimizning boy o‘tmishi va madaniyati, ajdodlarimizning bunyodkorlik salohiyatiga guvoh bo‘ldi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
5 051