Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.02.2017 12:34 Chop etish versiyasi

Xalq bilan muloqot: tahlil va samara

Boyovut tumanida o‘tkazilgan xalq bilan muloqotlarda 235 muammoli masala aniqlandi. Ularning 33 tasi joyida hal etilib, 200 dan ortig‘ining yechimi bo‘yicha tegishli mas’ul idora rahbarlariga topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlarining Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi korxona va tashkilotlar vakillari, aholi bilan muloqotlari xulosalariga bag‘ishlangan xalq deputatlari tuman Kengashining sessiyasida shu haqda ma’lumot berildi.

Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev va boshqalar Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritib, ayni paytda mamlakatimizning barcha hududlarida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining aholi bilan muloqotlari turli dolzarb masalalarga joyida yechim topish, hududlarni har tomonlama rivojlantirish, xalqimiz farovonligini yanada oshirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

O‘rganish natijalari asosida tumandagi prokuratura, ichki ishlar, ta’lim, tibbiyot sohalari va boshqa tashkilotlar faoliyati, ularda olib borilayotgan ishlarning samaradorligini oshirish masalalari atroflicha tahlil etildi. Xususan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari rahbarlarining fuqarolar bilan ishlash, ularning turmush darajasini yaxshilash borasidagi ishlarida kamchiliklar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.

– Sirdaryo viloyatidan saylangan deputatlar va Senat a’zolari tumandagi korxona, tashkilot, muassasa va xonadonlarda bo‘lib, odamlar fikri va ehtiyoji bilan qiziqdi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati B.Ortiqov. – Fuqarolar yig‘inlari raislari, tadbirkorlar, fermerlar, yoshlar bilan uchrashuvlarda islohotlar samaradorligini oshirishda jamoatchilik nazoratining o‘rni, fuqarolar huquqiy madaniyatini yuksaltirishning ahamiyati va boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Sessiyada xalq deputatlari tuman Kengashi faoliyati ham muhokama etilib, uning ishida kuzatilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
1 127






Все о погоде - Pogoda.uz