Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.02.2017 18:38 Chop etish versiyasi

Quyi Chirchiq tumanida o‘tkazilayotgan muloqotlarda aholining talab va istaklari atroflicha o‘rganilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida bo‘lib, xalq bilan muloqot o‘tkazmoqda.

Joriy yilning mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilinishi yurtimizda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan g‘oyani yangi bosqichda davom ettirish, davlat organlarining fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlari yuzasidan yondashuvini takomillashtirish, bu borada aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizmlari, samarali usullari joriy etilishida muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Toshkent viloyatidan saylangan deputatlar va Senat a’zolari Quyi Chirchiq tumanidagi korxona, tashkilot, muassasa va xonadonlarda bo‘lib, odamlar fikri va ehtiyoji bilan qiziqdi. Faollar, fuqarolar yig‘inlari raislari, tadbirkorlar, fermerlar bilan uchrashuvlarda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining mohiyati haqida so‘z yuritildi. Aholi ko‘p murojaat qiladigan davlat idoralari faoliyatida odamlar bilan ishlash bo‘yicha sifat jihatidan yangicha yondashuvga e’tibor qaratilishi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining aholi bilan yaqindan muloqoti hududlarni har tomonlama rivojlantirish, muammolarga joyida yechim topishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

– Ochiq muloqotlarda mahalla faollari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari rahbarlari, fermerlar, ta’lim muassasalari o‘qituvchi va o‘quvchilari faol ishtirok etmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi M.Vorisova. – O‘z faoliyatini kengaytirish, kredit olish, yer ajratish va boshqa masalalar yuzasidan murojaat qilgan tadbirkorlik subyektlari, fermerlar tegishli tashkilot rahbarlaridan atroflicha ma’lumot oldi. O‘n kun davom etadigan bunday o‘rganishlarda barcha soha bo‘yicha yutuq va kamchiliklarni tahlil qilish, mavjud muammolarni joyida bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar belgilashga alohida e’tibor qaratiladi. Bu boradagi natijalar esa xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari va faollari ishtirokida muhokama qilinadi.

Tumandagi “Istiqlol”, “Toshovul”, “Gul”, “Yangi hayot” qishloq fuqarolar yig‘inlari hududlarida maktabgacha ta’lim muassasalariga bo‘lgan talab yuqori ekani qayd etildi. Mazkur hududlar aholisining bu boradagi talablari o‘rganildi. Bu bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilib, tegishli xulosa chiqarildi.

Maktabgacha ta’lim muassasalarida bo‘lib, tarbiyalanuvchilarga yaratilgan imkoniyatlar, ularning amaliy mashg‘ulotlar bilan qamrab olinganlik darajasi, guruhdagi bolalar soni belgilangan me’yorga muvofiqligi, ovqatlanish ratsioni, muassasadagi sanitariya holati bilan bog‘liq masalalar tahlil qilindi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar belgilandi.

Tumandagi ilg‘or ta’lim muassasalaridan biri – Quyi Chirchiq transport va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji faoliyati bilan tanishuv, bu yerda ta’lim olayotgan o‘quvchilar bilan uchrashuv ham savol-javoblarga boy bo‘ldi.

Muassasadagi ijobiy ishlar bilan birga, ba’zi muammolar ham tilga olindi. Xususan, o‘quvchilarning kollejga o‘z vaqtida kelib-ketishi uchun jamoat transporti qatnovini izchil yo‘lga qo‘yish, muassasadagi mavjud chilangarlik ustaxonasini zamonaviy o‘quv jihozlari bilan ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Parlament a’zolarining tumandagi boshqa davlat va jamoat tashkilotlari, qishloq, mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham bu kabi o‘rganishlari davom etmoqda.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA
3 476






Все о погоде - Pogoda.uz