O‘zA O`zbek

05.09.2018 20:25 Chop etish versiyasi

“WORLD FOLK – 2018” xalqaro festivalda “Maqom” ansambli gran-pri sohibi boʻldi

Yevropa Folklor festivallari federatsiyasi hamda YUNЕSKO tomonidan xalqaro folklor festivali tashkil etildi. Bolgariya Respublikasida boʻlib oʻtgan “WORLD FOLK – 2018” folklor boʻyicha jahon chempionatida 72 davlatdan yuzga yaqin jamoa ishtirok etdi.

Oʻzbekistonning "Maqom» ansambli rang-barang xalq qoʻshiqlari bilan festival ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Soyibjon Niyozov boshchiligida mazkur ansambl tarkibida boʻlgan cholgʻu ustalari va ijrochilari qoʻyilgan shartlar boʻyicha yuksak mahoratlarini namoyish etdi. Ansambl oltita bosqich natijalari boʻyicha yuqori natijalarni koʻrsatdi.

“Maqom” ansambli festivalning eng yuksak – Gran-pri mukofotiga munosib topildi.

Birinchi oʻrinni Rossiya Federatsiyasidan tashrif buyurgan folklor guruhi egalladi. Ikkinchi oʻrin Gruziya, uchinchi oʻrin Buyuk Britaniya folklor ustalariga nasib etdi.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, mazkur festival 1992 yildan buyon oʻtkazib kelinadi. Unda Yevropa, Osiyo, Amerika va Afrika davlatlari folklor jamoalari ishtirok etadi. Festival dunyoning turli madaniyatlari bilan hamohang boʻlish imkonini beribgina qolmay, uning yordamida dunyo boʻylab virtual sayohatni ham amalga oshirish mumkin. Chunki konsertlar turli millatlar va xalqlarning urf-odatlari haqidagi filmlar bilan boyitilgan.

“Abadiy doʻst boʻlib qolamiz” shiori ostida oʻtkazilgan festival oʻzaro muloqot maydoni boʻlib, ishtirokchilar oʻzaro fikr-mulohaza almashish imkoniga ham ega boʻlishdi. Konsert dasturlari Varna shahridagi mashhur Yozgi teatrda va boshqa joylarda oʻtkazildi. Asosiy dasturga qoʻshimcha sifatida shahar koʻchalarida sayllar, hunarmandchilik yarmarkalari tashkil etildi. Ishtirokchilar Varna shahrining tarixiy obidalarini ziyorat qilish imkoniga ham ega boʻldi.

Muattar Roʻziboyeva, OʻzA
2 366