Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.09.2017 14:45 Chop etish versiyasi

Voyaga yetmaganlar doimiy e’tiborda

...Chilonzorlik Muhrimbek intizomli o‘quvchilar safida edi. Otasi chet elga ishga ketgach, onasi tijorat bilan shug‘ullana boshladi. Nazoratsiz qolgan o‘smirning dastlab o‘qishi susaydi, asta-sekin u dars qoldirishni ham odat qildi. Tarbiyasida nuqsoni bor bolalarga qo‘shilib, mayda bezoriliklarga qo‘l urdi. Bu esa mahalla profilaktika inspektorining e’tiborini tortdi. Maktab, mahalla, profilaktika inspektorining hamkorligi tufayli Muhrimbek yana maktabga qaytdi.

O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 29-sentabrda qabul qilingan «Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonunida voyaga yetmaganlarning tungi vaqtda ona-onasining kuzatuvisiz ko‘ngil ochish maskanlarida bo‘lishi man etilgan. Ularning turli huquqbuzarliklar yoki boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Voyaga yetmaganlarning jinoyat qilishi, huquqbuzarliklar sodir etishi bir oila uchungina emas, ayni paytda jamiyat uchun ham zarar. O‘smirning jamiyat axloqiy mezonlari talablariga javob beradigan darajada tarbiya olmaganligi uning jinoiy xatti-harakatlar sodir etishiga olib keladi.

Poytaxtimizning Chilonzor tumanida voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bunda tuman xalq ta’limi, ichki ishlar boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi tuman kengashi, o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda ta’lim muassasalarida olib borilayotgan uchrashuvlar muhim ahamiyat kasb etayotir.

Tumanda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularni foydali ishlarga yo‘naltirish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan joriy yilning shu davriga qadar 160 dan ortiq tadbir tashkil etildi. Bunday tadbirlar jarayonida tarbiyasida nuqsoni bor o‘quvchilarning aksariyati maktabga qaytdi, bir o‘smir voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi. 52 ota-onaga nisbatan voyaga yetmaganlarga ta’lim-tarbiya berish majburiyatlarini bajarmaganligi uchun tushuntirish ishlari olib borilib, profilaktika inspektorlari tomonidan ogohlantirishlar berildi.

– Farzand tarbiyasini e’tiborsiz qoldirish salbiy oqibatlarga olib keladi, – deydi Chilonzor tumani IIB boshlig‘ining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Furqat Suyarov. – Bugungi kunda ko‘pchilik ota-onalar turmush tashvishlari bilan chalg‘ib, bola tarbiyasini ikkinchi darajaga tushirib qo‘ymoqda. Natijada hayotning past-u balandiga tushunmaydigan o‘smir to‘g‘ri yo‘ldan adashib qolmoqda.

O‘tgan davr mobaynida tumanda mamlakatimizning boshqa viloyatlaridan kelib, ota-onalarining qarovisiz yurgan va turli huquqbuzarlik sodir etgan voyaga yetmaganlarning xatti-harakatlari bo‘yicha profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Bu jarayonda 538 tarbiyasida nuqsoni bor o‘quvchi bilan tushuntirish ishlari olib borilib, umumta’lim maktablariga qaytarildi. Huquqbuzarlik va g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etgan o‘smirlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi.

– Tarbiya to‘g‘ri olib borilmagan oilada bola bemehr va xulqi yomon bo‘lib ulg‘ayadi, – deydi "Mahalla" xayriya jamoat fondi Chilonzor tumani bo‘linmasi raisi Hamza Normurodov. – Unda halol mehnatga, kasbu kor egallashga yoki bilim olishga bo‘lgan layoqat asta-sekin yo‘qola boradi. Oxir-oqibatda bu uni jinoyat ko‘chasiga boshlaydi.

Tumanda ijtimoiy-ma’naviy muhiti notinch oilalardagi farzandlar tarbiyasi va manfaatlarini muhofazalashga, oiladagi vaziyatni barqarorlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yoshlarning maktabdan bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ular orasida sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni keng joriy etishda «Umid nihollari», «Sog‘lomjon polvonjon», «Futbolimiz kelajagi», «Sog‘lom farzand yurt kelajagi» kabi sport musobaqalari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Toshkent shahar filiali Chilonzor tumani vakili A.Abduraimovning ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 17 mingga yaqin o‘g‘il-qiz sportning 47 turi bilan doimiy ravishda shug‘ullanmoqda. Yilning yanvar-avgust oylari davomida tuman miqyosida 50 dan ortiq musobaqa o‘tkazilib, ularda 15 mingdan ortiq yosh ishtirok etgan.

Tumanda voyaga yetmagan yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish maqsadida maktab, maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida duradgorlik, kulolchilik, tikuvchilik, to‘quvchilik, rassomchilik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Yoshlar mohir hunarmandlardan kasb sirlarini muntazam ravishda o‘rganmoqda.

Yurtimizda voyaga yetmaganlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish orqali ularning har jihatdan sog‘lom va barkamol, jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan insonlar bo‘lib kamol topishiga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Shunday ekan, katta hayotga endigina kirib kelayotgan voyaga yetmagan o‘g‘il-qizlarni har doim nazorat qilib turish eng asosiy vazifamizdir.

Davron Sunnatov, O‘zA
487






Все о погоде - Pogoda.uz