O‘zA O`zbek

02.08.2018 17:56 Chop etish versiyasi

Vodiyning noyob gilamlari

Vodiyning noyob gilamlari Mamlakatimizda gilamchilikning rivoji uzoq asrlarga borib taqaladi. Chunki qadimdan chorvador xalqimiz jun mahsulotlaridan gilam to‘qish, kigiz bosish ishlarini san’at darajasiga olib chiqqan.

Arxeologlarning ma’lumot berishicha, yurtimiz hududida miloddan avvalgi I ming yillikda gilamchilik mavjud bo‘lgan.

Ayniqsa, gilam to‘qish XVIII asrlarga kelib, O‘rta Osiyo bo‘yicha Farg‘ona vodiysida yuqori darajada rivojlanadi. Bugungi kunda mazkur hududning turli joylariga oid nodir gilamlar yurtimiz muzeylarida ajdodlarimizning moddiy merosi namunalari sifatida saqlanib kelinayotgani nihoyatda quvonarlidir.

5 (1).jpg

O‘zining bir asrlik faoliyatiga ega O‘zbekiston davlat san’at muzeyi fondida ham Farg‘ona vodiysining noyob gilamlari saqlanmoqda. Ularni muzey fondiga olish jarayoni XX asrning 30-yillaridan boshlab turli ekspeditsiyalar asosida boshlangan. Shu tarzda xalq amaliy san’atining boshqa turlari qatori bu yerda Farg‘ona va Andijon viloyatlariga oid gilamlar joy oldi.

– XX asr boshlarida Andijon, Qo‘qon kabi shaharlar gilam to‘qishning asosiy markazlariga aylanadi, – deydi muzeyning xalq amaliy san’ati bo‘limi mudiri Obid Tangirov. – Aslida vodiy gilamchilik maktabining shakllanishi Qo‘qon xonligi rivojlangan davrlarga to‘g‘ri kelib, keyingi davrlardagi to‘qilgan gilamlarda ayni shu maktabning uslublarini ko‘rish mumkin. Gilamlar taxtadan iborat bo‘lgan yotiq va tik holatdagi dastgohlarda to‘qilgan. XX asrning 20-30 yillariga kelib esa gilamlar nafaqat dastgohlarda, balki gilamchilik korxonalarida to‘qish yo‘lga qo‘yiladi. Muzeyimizda Farg‘ona vodiysiga oid gilamlar o‘ttiz donaga yaqin bo‘lib, ular XIX va XX asrlarga taalluqlidir. Ushbu san’at asarlari orasida qo‘l mehnati evaziga to‘qilgan gilamlar bilan birga Andijondagi “Mehnat guli” artelida tayyorlangan 1952 yilga oid gilam ham korxonaning namunasi sifatida muzeyda saqlanadi. O‘zida Andijon gilamchilik an’analarini jo etgan Buloqboshi tumani hududiga oid “qoqma” uslubida qo‘lda to‘qilgan paloslar ham muzeyning bebaho san’at asarlaridandir.

8 (1).jpg

Qo‘qon gilamchilik maktabiga xos paloslar ham muzeyning qimmatli ashyolaridan. XX asrning II yarmiga mansub ushbu asarlar uslubi va ranglardagi o‘ziga xosligi bilan Qo‘qon gilamchiligi an’analarini o‘zida mujassam etgan. Palosning gilamdan farqi tuklari yo‘qligida bo‘lib, u qo‘y va tuya junidan, echki qilidan tayyorlangan. Bugungi kunda ham ba’zi hududlarda bu an’ana tarixiy va zamonaviy uyg‘unlikda takomillashib bormoqda.

O‘zining to‘qson sakkiz mingdan ortiq asori-atiqasiga ega O‘zbekiston davlat san’at muzeyi fondida saqlanayotgan bu tarixiy gilamlar nafaqat Farg‘ona hududi aholisi hunarmandchiligi an’analari, balki o‘tmish madaniyati, udumlaridan bizni xabardor etadi. Shu jihatdan ham ular muzey xazinasining sara durdonalari sifatida o‘zining qimmatini sira yo‘qotmaydi.

Nasiba Ziyodullayeva, Farhod Abdurasulov (surat) O‘zA
3 507