O‘zA O`zbek

12.10.2018 11:58 Chop etish versiyasi

Vitiligo yaʼni oq dogʻ kasalligida qoʻllash uchun yangi preparat yaratildi

Vitiligo yaʼni oq dogʻ kasalligida qoʻllash uchun yangi preparat yaratildi

Xalq orasida pes nomi bilan ataladigan vitiligo kasalligining kelib chiqish sabablari rivojlanayotgan tibbiyotda hanuzgacha toʻliq maʼlum emas. Aynan shu tufayli uni davolash ham qiyin. Bu kasallik yosh, jins yoki irq tanlamaydi. Dunyo aholisining 1-4 foizi vitiligodan aziyat chekadi.

Soʻnggi vaqtlarda yoshlar orasida kasallanganlar soni koʻpayib borayotgani unga qarshi chora koʻrishni tezlashtirishni talab etmoqda.

Vaholanki, Abu Ali ibn Sino davridan maʼlum boʻlgan teri qavati pigmentatsiyasining buzilishi natijasida kelib chiqadigan patologiya - vitiligo kasalligi oʻzining ijtimoiy ahamiyati va muammosining dolzarbligi bilan muhim oʻrinni egallaydi.

Dermatologiya amaliyotida vitiligo kasalligini qoʻllash uchun tavsiya etilayotgan “Kupivit” preparatining yangi gel dori shaklini moʻtadil tarkibi va texnologiyasini Toshkent farmatsevtika institutining assistenti Kamola Ramazonova ishlab chiqdi. Bunda mahalliy qoʻzgʻatuvchi va allergik reaksiyalarni keltirib chiqarmasligiga eʼtibor berildi.

– Vitiligo kasalligini davolashda tavsiya etilgan mahalliy dori vositalar samaradorligini oshirish, assortimentini kengaytirish, mamlakatimizda import oʻrnini bosuvchi samarali preparatlarni yaratish maqsadida koordinatsion birikmalar kupir va piratsin saqlovchi gel dori shakli ishlab chiqildi, – deydi K.Ramazonova. – Buning uchun yumshoq dori turlari texnologiyasida qoʻllanuvchi zamonaviy va optimal yordamchi moddalar, xususan poloksamer va karbopol kombinatsiyalari tayyorlandi va ularning gel hosil qiluvchi xususiyati oʻrganildi.

Shuningdek, gel tarkibidagi taʼsir etuvchi va yordamchi moddalar oʻrtasidagi mutanosiblik, uning fizik-kimyoviy hamda texnologik koʻrsatkichlari aniqlandi. Vitiligoni kelib chiqishiga bir necha omillar sababligi bois, uni davolashda kompleks terapiya bilan bir qatorda mahalliy dori vositalarining qoʻllanilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

OʻzA
814