O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

Virusga toʻsiq, mehrga ochiqmiz

Virusga toʻsiq, mehrga ochiqmiz

Toshkent viloyati Chirchiq shahrida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi shahar Kengashi deputatlari va faollari tomonidan “Virusga toʻsiq, mehrga ochiqmiz” xayriya aksiyasi oʻtkazildi.

Maʼlumki, ayni paytda butun dunyo mamlakatlari, shu jumladan, Oʻzbekistonni ham koronavirus pandemiyasi havotirga solmoqda. COVID-19 koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq ayni paytgacha kuzatilgan holat shundan dalolat bermoqdaki, mazkur ofatni yengish uchun birinchi navbatda oʻzaro hamjihatlik, birdamlik talab etiladi.

Bu borada “Adolat” SDP deputatlari ham faollik koʻrsatmoqda. Jumladan, xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputati Mahmudjon Baltabayev, Chirchiq shahar Kengashi deputatlari Ravshan Dastirov, Muzaffar Abduqodirov tashabbusi bilan shahar sanitariya-epidemiologiya markazi, “Avicenna Medical Service” tibbiyot muassasasi hamkorligida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash maqsadida shahardagi 12 ta savdo va xizmat koʻrsatish obyekti hamda 28 ta xonadon dezinfeksiya qilindi.

Shuningdek, shahar hokimligi axborot xizmatidan maʼlum qilishicha, 2-sektor rahbari – shahar prokurori tadbirkor Dilafruz Botirova bilan hamkorlikda 14-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga niqob hamda sanitariya-gigiyena vositalari hadʼya etildi.

Chirchiq shahrida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, aholi salomatligi va xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan bu kabi xayrli tadbirlar davom etmoqda.

671
Avazbek Xudoyqulov, OʻzA