O‘zA O`zbek

15.02.2019 Chop etish versiyasi

Virtual olamga in qurgan eʼtiqod ovchisi

Virtual olamga in qurgan eʼtiqod ovchisi

Fargʻonada ijtimoiy tarmoqlarda ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan maʼlumot va materiallarni tarqatib kelgan, “virtual jamoat” tashkil qilgan shaxs sud hukmi bilan 10 yid muddatga ozodlikdan mahrum etildi. 

Oltiariqlik Alisher Umarqulov 1997 yilda Muhammad Mamarizayev bilan tanishib undan diniy saboq oladi. Ammo bu tanishuv zamirida tinchlikka raxna solish, oʻzgalar qalbi va ongini zaharlashga qaratilgan “taʼlim” ham boʻron singari hayotini algʻov-dalgʻov qilib yubordi. 

Jinoyat ishlari boʻyicha Oltiariq tumani sudining 2000 yil 25 oktyabrdagi hukmiga koʻra, “hizbut-tahrir” diniy ekstremistik oqimiga aʼzo boʻlib, tashkilot faoliyatida qatnashib yigʻilishlarida ishtirok etib kelganligi uchun 7 yil ozodlikdan mahrum qilinadi. Xalqimiz kechirimli. 2003 yilda amnistiya aktiga asosan jazodan ozod etilib, hayotini izga solish uchun unga imkoniyat berildi. Ammo mazkur insonparvarlik tamoyilining mohiyatini soʻqir qalb egasi anglarmidi?! U yana eski “qiligʻi”ni boshlaydi. 2012 yil sentyabr oyida M.Mamarizayev bilan topishib, uning uyida yigʻilib turadigan 3-4 nafar “xizbut”chilar bilan tanishadi. U yerda jinoiy sherigining kuyovi A.Maxsudovni oqimga aʼzolikka qabul qiladi. Keyinchalik R.Haydarov ham ularning biriga aylanadi. 

“Toʻrtovlon” har oyda yigʻilib, Oltiariq tumani hududida “hizbiy xalqa” tashkil qilishib, internetda oʻzgalarga tuzoq qoʻyishni boshlaydilar. Oʻzi singari eʼtiqodi zaif, zamiri puch gʻoyalarning etagidan tutadigan kimsalarni izlab topishadi. Qarmogʻiga ilinganlarni oʻz tarafiga ogʻdirib, elektron diniy adabiyotlar bilan saboq bera boshlashadi. A.Umarqulov oʻzining halqasiga A.Yakubov, A.Mamarizayev va B.Mamatovni, M.Mamarizayev – M.Rahimov, “Ahad”, A.Moʻminov, A.Azizboyevni, I.Vohobov – A.Abdullajonov, A.Mirzarahmonovni, R.Haydarov – “Tursunali”ni, A.Mahsudov esa B.Boboyev, M.Yulchiyev, A.Qoʻziyev, X.Karimov, A.Ergashev, M.Haydarov va D.Toʻtabayevni jalb qiladilar. Ular yigʻilishlarda internet tarmogʻi orqali oqimning yangiliklari va gʻoyalari boʻyicha oʻzaro fikr almashgan. Virtual jamoaga birlashgan holda tashkilotning moliyaviy jamgʻarmasi hisoblangan “taborruot” pullarini toʻplash hamda boshqa tashkiliy masalalarni muhokama qilib kelishgan. 

Bu orada A.Umarqulov garchi turmush oʻrtogʻi, farzandlari boʻlsa-da, oʻzi singari chirkin gʻoyalari bilan tarmoqlarda kezayotgan N.Aripova bilan tanishib qolib, u bilan 2013 yilda sharʼiy nikohdan oʻtadi. Endilikda ular oqimga qiziqishi boʻlgan shaxslarni jamoat aʼzosiga aylantirish, ularga “hizbut-tahrir” tashkiloti nashriyotiga tegishli kitoblardan saboq berib, ongini zaharlashga zoʻr beradilar. 

A.Umarqulov ularning orasida “mushrif” darajasida faoliyat yuritib, safdoshlarini kengaytirishga “astoydil” kirishib ketadi. Oʻzbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligini Konstitutsiyaga xilof tarzda buzishga ochiqdan-ochiq daʼvat qilib, ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan maʼlumot va materiallarni tarqatib keladi. Oʻzining “jamoat”, “halqa” hamda internet tarmogʻida “virtual jamoat” diniy ekstremistik tashkilotlarini tuzib, ularga rahbarlik qiladi. Hattoki, 2013 yilning fevral oyida balandlikdan yiqilib tushib, oyogʻini sindirib olganida ham uyiga kelib turadigan A.Mamarizayev, B.Mamatov, A.Yakubovlarga diniy aqidaviy tushunchalardan taʼlim bergan. 

2013 yil sentyabr oyida jamoat aʼzolari Oltiariq tumanining Poloson qishlogʻida istiqomat qiluvchi M.Mamarizayevning xonadonida toʻplanib, oʻz faoliyatini aniq bir maqsad sari amalga oshirish va bevosita oqimning yuqori turuvchi rahbarlari bilan aloqa oʻrnatishga kelishib oladilar. 

A.Maxsudov internet tarmogʻi orqali Qirgʻiziston Respublikasida faoliyat yuritayotgan gumashtalari bilan bogʻlanib, biron-bir yuqori turuvchi shaxslardan koʻrsatma va yoʻl-yoʻriqlar berilsa, faoliyatini rivojlantirishga turtki boʻlishini aytib, rahnamolik qilishlarini soʻraydi. Mazkur yilning oktyabr oyida A.Umarqulov Qirgʻiziston Respublikasi Qadamjoy tumaniga oʻtib, u yerda oʻzini “Hoji” deb tanishtirgan diniy ekstremistik oqimining Qirgʻiziston Respublikasidagi vakili bilan uchrashib, unga faoliyatlari haqida maʼlumot beradi. Halqani yanada kengaytirishga qaratilgan tavsiyalar olib, ijtimoiy tarmoqda daʼvatlarni kuchaytiradi.

“Koʻza kunda emas kunida sinadi” deganlaridek vaqti-soati kelib, jinoyatchilarning sirlari fosh boʻlayotganda esa oila aʼzolariga ishlash maqsadida Rossiya Federatsiyasiga ketayotganligini aytib, sheriklari bilan Qirgʻiziston Respublikasi Qadamjoy tumaniga oʻtib ketadi. Ijtimoiy tarmoq orqali bir-birlari bilan doimiy ravishda bogʻlanib turishadi. Shunday holatda ham qilmishini anglamagan nobakor er endilikda turmush oʻrtogʻi Z.Umarqulovaga taʼsir oʻtkazib, uni oqimga aʼzo boʻlishiga daʼvat qilib kelgan. Unga profil ochib berib, 2014 yilning avgust oyiga qadar muloqotda boʻlib turadi. Ammo tez vaqt ichida xotini qonun oldida javob berishiga toʻgʻri kelib, sudlandi. 

Ongini ham, qalbini ham zulmat chulgʻab olgan er turmush oʻrtogʻining taqdiridan zarracha oʻkinmaydi. Hech narsa boʻlmagandek, Qizilqiya shahridagi dehqon bozorida pishiriq sotish bilan shugʻullanuvchi F.Mirzayeva bilan tanishib, u bilan yashay boshlaydi. 

Bir-biri bilan koʻrisholmagan qochqindagi “birodarlar” virtual olamda boʻy koʻrsatishlari bilan faoliyatlari huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan yakunlandi. A.Umarqulov safdoshlarining siyraklashib qolganidan xavotirga tushib, tarmoqda oʻziga boshqa oʻlja izlay boshlaydi. D.Nazarov, F.Usmonov va B.Usmonov yangi “hamrohlariga” aylanadi. Ularga oqimga tegishli boʻlgan mavzulardagi maqolalarni ijtimoiy tarmoqlarga joylab, oʻzlariga oʻxshash shaxslarni tanlab olish, “virtual jamoat” tashkil qilish vazifasi yuklanadi. D.Nazarov turmush oʻrtogʻini hamda “Otabek”, “Neʼmat” ismli jiyanlari, ishchilari “Murod” va “Nuriddin” ismli shaxslarni oqimga daʼvat etadi hamda ularga “ustoz”lik qiladi. Halqaga keyinchalik tojikistonlik “Abdulloh”, “Abdurashid”, qoʻqonlik “Sher”, “Polvon” taxallusli kimsalar ham qoʻshilgan.

2018 yilning 12 yanvar kuni eʼtiqod ovchisining faoliyati xotima topdi. Qirgʻiziston Respublikasi Oʻsh shahrida Qirgʻiziston Davlat milliy xavfsizlik qoʻmitasi xodimlari tomonidan qoʻlga olindi va Oʻzbekiston Respublikasi huquq-tartibot idoralari xodimlariga topshirildi. 

Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona viloyat sudi tomonidan A.Umarqulovning qilmishlari koʻrib chiqilib, unga tegishli jazo tayinlandi.

867
M. Sulaymonov, OʻzA