O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi 65 kilogramm paxta terdi

Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi 65 kilogramm paxta terdi

Andijon viloyatida ham paxta yig‘im-terimi qizg‘in pallaga kirgan. Viloyat paxtakorlari belgilangan yillik marra sari kundan-kunga yaqinlashib bormoqda. Paxta xirmonining yuksalishiga barcha tumanlar munosib hissa qo‘shmoqda.

Bo‘z tumanida joriy yilda 5 ming 169 gektar maydonda paxta hosili yetishtirildi. Tumandagi 127 fermer xo‘jaligi tomonidan davlatga 16 ming 651 tonna “oq oltin” yetkazib berish belgilangan. Ayni kunda tashkil etilgan 61 ta terim otryadi a’zolari tomonidan yig‘im-terim qizg‘in olib borilmoqda. 

Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan tuman va shaharlar mahallalaridan uyushmagan aholi vakillari, uy bekalari, vaqtincha ishsiz xotin-qizlardan iborat 800 nafardan ziyod ko‘ngilli hasharchilar yig‘im-terimda Bo‘z tumani paxtakorlariga yaqindan yordam bermoqda. Ular tomonidan har kuni 40-42 tonna paxta terilib, xirmonga to‘kilmoqda. 

Erta tongdan tumanning “Yangi hayot” massividagi “Oybek 2” fermer xo‘jaligi dalalariga bordik. Dalalarda hosil mo‘l. Go‘yo quyosh nurlaridan tovlanayotgan oppoq paxtazor barchani bag‘riga chorlaydi, qalblarni shijoatga to‘ldirib, terimga undaydi. 

–Paxta xalqimizning milliy boyligi, – deydi Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzuraxon Yunusova. – Paxtakorlarga madadkor bo‘layotgan ko‘ngilli hasharchi opa-singillarimiz dehqonlarning mashaqqatli mehnatlari bilan yetishtirilgan ana shu boylikni tezroq yig‘ib-terib olishga ahd qilgan. Shaxsan men ham bugun ular bilan yelkama-yelka turib, kechga qadar 65 kilogramm paxta terdim. 

Paxtazorda bo‘lish, paxta terishning baribir o‘zgacha gashti bor. Kimdir qo‘shiq xirgoyi qiladi, hazil gaplardan kulgi ko‘tariladi. Dalada kim bilan suhbatlashmaylik kayfiyati chog‘, terimda ko‘ngil amri bilan ishtirok etayotganligini his etdik. 

– Qizim bilan terimga chiqqanmiz, – deydi Bo‘z tumani “Bog‘i eram” mahallasida yashovchi Sadbarxon Jo‘raqulova. – Birgalashib har kuni 250-300 kilogramm paxta teryapmiz. Uyda bo‘lganimizda uy yumushlari bilan kunimiz o‘tardi. Terimda qatnashib, har besh kunlikda 1,5 million so‘mga yetkazib pul olyapmiz. Bu oilamiz uchun yaxshigina daromad hisoblanadi.

Terimda qatnashayotgan hasharchilar uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Ularning dalaga borib kelishlari uchun transport tashkil etilgan, tushlikka esa issiq ovqat tayyorlab berilmoqda. Terimdan so‘ng esa madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan.

644
F. UBAYDULLAEV, Z.UMURZOQOV (surat), O‘zA