O‘zA O`zbek

03.04.2019 Chop etish versiyasi

Viloyat prokurori aholi bilan yuzma-yuz gaplashdi

Viloyat prokurori aholi bilan yuzma-yuz gaplashdi

Farg‘ona viloyati 2-sektor rahbari, viloyat prokurori S. Turdiev tomonidan Buvayda tumanida tashkil etilgan ommaviy sayyor qabulda ko‘plab masalalar ijobiy yechimini topdi. 

Yuzma-yuz muloqotda aholi tomonidan ishga joylashtirish, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik, bankdan kredit olish, uy-joy, ichimlik suvi bilan ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab quvvatlash hamda kommunal soha bilan bog‘liq masalalar o‘rtaga tashlandi. 

Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida yashovchi A.Rizaev tadbirkorlik huquqlarini himoya qilish, Oqtom qishlog‘ida yashovchi I.Ahmedov davolatish va nogironlik belgilash, Sho‘rtepa qishlog‘ida yashovchi E.Rahmatullaev xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyatini tashkil etish, Bandikushod qishlog‘ida yashovchi R.Usmonova fuqarolik sudining qaroridan norozi ekani, Ariqbo‘yi qishlog‘ida yashovchi U.Sotvoliev nogironlik aravachasi bilan ta’minlash, Anhor qishlog‘ida yashovchi O.Tojiboeva ishga joylashtirish, Beglar qishlog‘ida yashovchi Sh.Madieva mahalla ko‘prigini ta’mirlash, Urganji qishlog‘ida yashovchi Sh.Ahmedov maktab o‘quvchilari uchun katta yo‘ldan o‘tish joyi tashkil etishda yordam so‘rab, murojaat qildilar. 

–Bir necha oy davomida buyon turli tashkilotlarga murojaat qildim, lekin ishga joylasha olmadim, – deydi F. Mamarizaeva. – Sayyor qabul davomida tumandagi 14-umumta’lim maktabiga ishga qabul qilindim. 

-Mahallamiz hududida zax suvlari ko‘tarilib, daraxtlar qurimoqda, devorlar tulamoqda. Bu haqda tegishli idoralarga qilgan murojaatim ijobiy hal etilmayapti, – deya murojaat qildi Yangihayot qishlog‘ida yashovchi K.Yuldashev. 

DSC_6518.JPG

Fuqaroning murojaati taalluqli idoralar vakillari ishtirokida o‘rganilib, chora-tadbir belgilandi. 

Sayyor qabulda shu kabi ko‘plab murojaatlar ko‘rib chiqilib, aksariyati joyida hal qilindi. Yechimi ma’lum vaqt talab etiladigan murojaatlar bo‘yicha tegishli tashkilotlarga ko‘rsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olindi. 

Sektorlar rahbarlarining sayyor uchrashuvlari chekka qishloqlarda yashayotgan aholi muammolarining ham samarali yechim topishida muhim ahamiyat kasb etayotgani bilan birga, xalqning davlatga bo‘lgan ishonchini yanada oshirmoqda. 

1 261
M. Sulaymonov, O‘zA