O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

Viloyat prokuraturasining 10 oylik faoliyati raqamlarda

Viloyat prokuraturasining 10 oylik faoliyati raqamlarda

Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

Andijon viloyat prokuraturasi mas’ul xodimlari, viloyatdagi bosma va elektron ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida tashkil etilgan anjumanda viloyat prokuratura organlarining joriy yil o‘tgan 10 oyidagi faoliyati, qonun ustuvorligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar xususida ma’lumotlar taqdim etildi.

– Viloyatda qonunchilik ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishlarda 4 ming 172 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilib, yetkazilgan 665 million 528 ming so‘m miqdordagi zararlar ixtiyoriy ravishda undirilishi ta’minlandi, – deydi viloyat prokurorining o‘rinbosari Baxtiyor Xudoyberdiev. – Sudlarga 1 milliard 190 million so‘mdan ziyod zararlarni undirish bo‘yicha da’vo arizalari kiritilgan. Bundan tashqari, qonunga zid bo‘lgan hujjatlarni o‘zgartirish va bekor qilish yuzasidan 1 ming 11 ta protestlar keltirilib, ularning barchasi qanoatlantirildi.

Jumladan, joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida prokurorlarning qaror va taqdimnomalari bo‘yicha qonun talablarini buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxslarning 1 ming 372 nafari intizomiy, 1 ming 51 nafari ma’muriy, va 79 nafari moddiy javobgarlikka tortilgan. Qo‘pol ravishda qonun buzilishiga yo‘l qo‘yish holatlari bo‘yicha 15 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, anjumanda, prokurorlar rahbarlik qilayotgan sektorlarda aholi murojaatlarini o‘rganish, mavjud muammolarni hal etish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ham keng ma’lumotlar berildi.

Viloyatda 2-sektorlar hududi bo‘yicha 125 ming 288 xonadon o‘rganilganligi, 16 ming 752 nafar fuqaro bilan bevosita suhbatlar o‘tkazilganligi, turli yo‘nalishlardagi muammolarning 16 ming 139 tasi yoki 96 foizi ijobiy hal etilganligi, 613 ta masala yo‘l xaritalariga kiritilganligi qayd etildi.

Anjumanda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga noqonuniy aralashish holatlariga chek qo‘yish, tadbirkorlarning huquqiy bilim va savodxonligini yuksaltirish, faoliyat ko‘rsatmayotgan tadbirkorlik sub’ektlari rahbarlari bilan suhbatlar o‘tkazilib, ularning faoliyatini tiklash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Tadbirkorlik sub’ektlarining muammo va takliflari o‘rganilib, 406 nafar tadbirkorga yer maydoni ajratish, kreditlar olish, kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, litsenziya va ruxsatnoma olish singari qator masalalarda amaliy yordamlar ko‘rsatildi. Tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini tiklash yoki kengaytirish hisobiga 2 ming 23 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Prokuratura organlari tomonidan o‘rganishlar natijasida qonun buzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha hokimlar va mas’ul rahbarlarga 16 ta taqdimnoma, 7 ta noqonuniy qarorni bekor qilish bo‘yicha protest kiritildi, 24 nafar mas’ul xodimlar intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortildi. Sudlarga 304,3 million so‘m mablag‘ni undirish bo‘yicha da’vo arizalari kiritilib, shu asosda 77 nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi.

Matbuot anjumanida qonun ustuvorligini ta’minlash, sohada adolat prinsiplarini o‘rnatish, fuqarolarning buzilgan huquq va manfaatlarini himoya qilish, aholining huquqiy bilim va savodxonligini, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan keng qamrovli targ‘ibot tadbirlari olib borilayotgani qayd etildi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddilardan batafsil javob oldi.

Yakunda prokuratura organlarining ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligini yanada mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

2 066
Faxriddin UBAYDULLAEV, O‘zA