O‘zA O`zbek

20.08.2018 21:53 Chop etish versiyasi

Viloyat hokimi yoshlar bilan uchrashdi

Viloyat hokimi yoshlar bilan uchrashdi Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov Karmana tumani yoshlari bilan uchrashdi.

Tumandagi “Ishonch” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida o‘tkazilgan muloqotda yoshlar o‘z muammolarini bayon qildi, taklif va g‘oyalari bilan o‘rtoqlashdi.

Uchrashuvda viloyat hokimi mazkur tarixiy dastur yoshlarimiz hayotida muhim o‘rin tutadigan, ularning kelajagi uchun yangi imkoniyatlar yaratib beradigan huquqiy hujjat ekanini ta’kidladi. Tijorat banklari mas’ul xodimlari tomonidan yoshlarga imtiyozli kredit ajratish tartibi xususida batafsil ma’lumot berildi.

Karmanalik yoshlar viloyat rahbaridan asosan, tadbirkorlik faoliyati uchun kredit hamda yer maydoni ajratishda amaliy ko‘mak so‘radi. Xususan, Beshkent mahallasida yashovchi Nodir Madaliyev tikuvchilik sexi va go‘zallik saloni qurish uchun joy ajratilishini so‘rab, murojaat qildi. Navoiy konchilik kolleji o‘quvchisi Sardor Sirojov qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish maqsadida bo‘sh bino zarurligi, sexning ish boshlashi o‘ndan ziyod xotin-qizningbandligini ta’minlash imkonini berishi aytdi.

– Mening taklifim yoshlar bandligini ta’minlashga xizmat qilishi bois viloyat hokimi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, – deydi N.Madaliyev. – Loyiham istiqboli uchun tuman hokimi yaqindan ko‘mak beradigan bo‘ldi. Eng muhimi, mahallamizda tayyorlanadigan shirinliklar ichki bozorni to‘ldiradi.

Uchrashuvda tikuvchilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan qizlarga 40 ta tikuv mashinasi topshirildi. Parrandachilik bilan shug‘ullanish uchun imkoniyati bor ikki nafar tashabbuskorga 200 boshdan parranda tarqatildi. Shuningdek, tadbir doirasida 5 nafar yoshning chorvachilik loyihasini rivojlantirish maqsadida qo‘y-echki ajratildi.

Nuriddin Rahimov, Siroj Aslonov (surat) O‘zA
2 733