O‘zA O`zbek

06.06.2020 Chop etish versiyasi

Viloyat hokimi: Suvchi va mexanizatorlar mehnatini munosib ragʻbatlantirish zarur...

Viloyat hokimi: Suvchi va mexanizatorlar mehnatini munosib ragʻbatlantirish zarur...

Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Uchqoʻrgʻon tumanida aholining bugungi turmush tarzi, ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligida olib borilayotgan ishlar bilan tanishib, aholi vakillari, tadbirkor va fermerlar bilan muloqotda boʻldi.

Gʻalla oʻrimiga kirishildi

Uchqoʻrgʻon tumanida bu yil 6 ming 890 gektar maydonga bugʻdoy yetishtirildi. Fermer xoʻjaliklarining kech kuzdan boshlab gʻalla parvarishiga qaratilgan mehnatlari natijasida hosil choʻgʻi baland boʻldi. Ayni paytda tumanning mamlakatimiz xirmoniga qoʻshadigan hissasi –28 ming 315 tonna shartnomaviy rejani ortigʻi bilan bajarish, hosildorlikni 70 sentnergacha yetkazish imkoniyatlari yaqqol koʻzga tashlanib turibdi. Jumladan, 3 ming 400 tonna urugʻlik don tayyorlanadi.

Viloyat rahbari “Gʻulomjon” va “Shodlik” fermer xoʻjaliklari misolida gʻalla hosilini qisqa muddatlarda, sifatli yigʻishtirib olish borasida koʻrilgan chora-tadbirlar, shakllantirilgan oʻrim otryadlari, texnika vositalarining tayyorgarligini koʻzdan kechirdi.

“Oltin vodiy” muqobil mashina-traktor parkida qishloq xoʻjaligi sohasi mutasaddilari, fermerlar ishtirokida muloqotda Uchqoʻrgʻon tumanida gʻalla oʻrim-yigʻimiga nuroniylardan oq fotiha olinib, hosilga baraka tilandi va kombaynlar gʻallazor tomon yoʻl oldi.

Aholini kambagʻallikdan chiqarish – ustuvor vazifa

Tumandagi Yashiq mahallasida boʻlib oʻtgan muloqotda aholini kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha 2-sektorda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar muhokama qilindi. Ushbu sektorda xizmat koʻrsatish, sanoat, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishlarida umumiy qiymati 41,5 milliard soʻmlik 31 ta loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Yashiq mahallasida 4 qavatli 32 xonadonli turar-joy binosi, 150 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti, mahalla guzari va maishiy xizmat shoxobchalari, sport-sogʻlomlashtirish majmuasi qurilishi hududda turmush madaniyati, ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaxshilash barobarida, mazkur bunyodkorlik ishlarida ham bu yerlarda yaratilgan ish oʻrinlarida mahallaning oʻnlab ishsiz, ehtiyojmand oilalari ish bilan taʼminlanadi.

– Ushbu loyihalar tufayli 465 ta yangi ish oʻrni yaratilar ekan, – dedi viloyat hokimi. – Bu shuncha oilaga daromad kirdi, ular muqim ish joyiga ega boʻldi degani. Qolaversa, mazkur loyihalar amalga oshganidan soʻng mazkur mahallalar qiyofasi tubdan oʻzgaradi.

Muloqot chogʻida yana bir necha tadbirkor ish oʻrinlari yaratish borasida oʻz biznes rejalarini taqdim qildi.

–Oʻljatoʻpi mahallasida koʻp tarmoqli zamonaviy klinika qurish loyihasi ustida ishlayapmiz, – deydi “Hurriyat Sardor Sevinchoy” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari H. Ortiqova. – Umumiy qiymati 18 milliard soʻm boʻlgan bu loyihaga oʻz sarmoyamdan 3 milliard soʻm ajratishga tayyorman, qolganiga bank kreditidan foydalanishimiz mumkin.

Kichik issiqxonalardan 50 million soʻmgacha daromad olish mumkin

Bu Dehqonobod mahallasida barpo etilayotgan kichik issiqxonalar boʻyicha dastlabki hisob-kitoblardan koʻrinib turibdi. 11 gektar maydonda “Farovon tomorqa xizmati” va “Agrointensiv tomorqa” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan kirishilgan 130 dan ziyod olti va toʻrt sotixli kichik issiqxona qurilishi jadal davom etmoqda. Ularda pomidor, bodring, qulupnay va boshqa meva-sabzavotlar yetishtirish rejalashtirilgan.

Dehqonobod mahallasida istiqomat qilayotgan 700 oilaning yigirmadan koʻprogʻi kam taʼminlanganlar toifasiga kiritilgan. Barpo etilayotgan issiqxonalardan mazkur oilalarga ham ikki sotixdan ajratib berish ularning bandligi va daromad manbai bilan taʼminlash koʻzda tutilmoqda.

Uchkoʻprik zamonaviy mahallaga aylanadi

Tumanning 3-sektori hududida umumiy qiymati 67 milliard soʻmlik 88 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan boʻlib, ularning aksariyati boʻyicha amaliy ishlar boshlangan.

Jumladan, Uchkoʻprik mahallasida tadbirkor Sh. Nuriddinov tomonidan mahalla guzari, tikuvchilik korxonasi, mini-stadion, sport zallari, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalarini oʻz ichiga olgan 4,5 milliard soʻmlik loyiha amalga oshirilmoqda.

Boʻston mahallasida esa tadbirkor Sh. Alimatova 1,5 milliard soʻmga teng loyiha asosida tikuvchilik sexi, dorixona va fitnes-klub qurish, tadbirkor Q. Ahmedov shu mahallada loyiha qiymati 500 million soʻmlik otalar choyxonasi va hammom barpo etish harakatida. Kelgusida ular qatoriga bolalar bogʻchasi qoʻshilishi ham rejalashtirilgan.

Zamonaviy texnologiyalar – yuqori hosildorlik omili

Uchqoʻrgʻon tumanida joriy yilda 9 ming 436 gektar maydonda parvarishlanayotgan gʻoʻzadan 42 ming 403 tonna paxta hosili olish rejalashtirilgan. Ayni paytda fermer xoʻjaliklarida gʻoʻza parvarishidagi agrotexnik tadbirlar, zararkunanda hasharotlarga qarshi kurash va oʻgʻitlash ishlari qizgʻin pallaga kirgan. Bu borada fermer xoʻjaliklarida ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etishga katta eʼtibor qaratilayotgani diqqatga sazovor.

Jumladan, “Saxovat zamini” fermer xoʻjaligida 55 gektar maydondan 10 gektariga chigit xitoy texnologiyasi asosida, yaʼni 90 santimetrga qoʻshqator qilib ekilgan. Hozirda mazkur maydonda unib chiqqan gʻoʻza nihollari ushbu texnologiyaning afzalliklarini namoyon etib baravj rivojlanmoqda.

–Paxtadan kamida 40 sentnerdan hosil olinmasa sarflangan xarajatlarni qoplamaydi. Bunga erishish uchun esa zamonaviy texnologiyalardan foydalanish zarur. Qolaversa, fermerlar tomonidan suvchi va mexanizatorlar mehnatini munosib ragʻbatlantirib borish hosildorlikda muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi viloyat hokimi “Gulxumor” va “Saxovat zamini” fermer xoʻjaliklarida oʻtkazgan muloqotda.

1 659
Akramjon SATTOROV, Hotamjon MAMADALIYEV(surat), OʻzA