Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.08.2017 15:18 Chop etish versiyasi

Viloyat hokimi ijodkorlar bilan uchrashdi

Viloyat hokimi ijodkorlar bilan uchrashdi Davlatimiz rahbari joriy yil 3-avgust kuni bir guruh ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvda yuksak ma’naviyatli, ijtimoiy daxldor insonni tarbiyalashda san’at va ijod ahlining xizmati alohida ekani qayd etildi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida ijodkorlarning o‘rni qanday bo‘layotgani tahlil etilib, ular oldida turgan muhim vazifalar belgilab berildi. Xususan, “O‘z bolangni o‘zing asra!” degan da’vat quruq shior bo‘lib qolmasdan, har bir ota-ona va fuqaro qalbiga chuqur kirib borishi uchun ijodiy tashkilotlar ham o‘z mas’uliyatini jiddiy ravishda qayta ko‘rib chiqishi davr talabiga aylanayotganiga e’tibor qaratildi.

Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyevning viloyat ijodkorlari bilan uchrashuvida bu alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston xalq artisti Sh.Yo‘lliyev, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi B.Asadov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi viloyat bo‘limi rahbari E.Jo‘rayev va boshqalar Prezidentimiz tomonidan ijodkorlar oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarish uchun har bir ijodkor Vatan va xalq oldidagi mas’uliyatini yanada teran anglagan holda, qobiliyat va imkoniyatini safarbar etishini ta’kidladi.

Uchrashuvda rassomlar ijod namunalari namoyish etiladigan ko‘rgazmalar zali tashkil etish, viloyat musiqali drama teatri va viloyat qo‘g‘irchoq teatri moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, jurnalistlar o‘rtasida ijodiy ko‘rik-tanlov o‘tkazish, ijodkorlarni amaliy qo‘llab-quvatlash, sohadagi kadrlar mahoratini oshirish kabi takliflar atroflicha muhokama qilindi.

Viloyat hokimi bildirilgan har bir taklif va muammo atroflicha o‘rganilib, imkoniyat darjasida hal qilinishini qayd etdi. Masalan, viloyat Ijodkorlar bog‘i barpo etilishi, teatr xodimlari uy-joy bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilmoqda.

– Shashmaqom – o‘lmas meros va qadriyatdir, – deydi “Buxoro shashmaqomi” guruhi rahbari Eshpo‘lat Ortiqov. – Maqom yoshlarimizda milliy o‘zlik, milliy ruh va milliy g‘urur tuyg‘usini qaror toptirishga xizmat qiladi. Afsuski, to‘y-marosimlarda ba’zi yoshlarimizda g‘arbona yoki milliy san’atimizdan uzoq xorijiy ohanglarga qorishiq qo‘shiqlarga moyillik kuchaygan. “Ommaviy madaniyat” ta’siri bo‘lgan bunday noxush holatlarning oldini olish uchun farzandlarimiz o‘rtasida milliy san’at, xalqona qo‘shiqlar, shashmaqomni targ‘ib qilish, maqom kechalari o‘tkazish lozim. Ana shu maqsadga xizmat qiladigan “Buxoro shashmaqomi” markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifim qo‘llab-quvvatlanganidan xursandman.

“Buxoro shashmaqomi” guruhi, Buxoro madaniyat kolleji, Rassomlar uyushmasi kabi turli ijodiy tashkilotlarga faoliyatini yanada takomillashtirish uchun hamkor tashkilotlar biriktirildi. Bunday ezgu tashabbuslar ijodiy jamoalar salohiyatini oshirish, yurtimiz madaniyati va san’ati yutuqlarini xalqaro miqyosda yanada keng targ‘ib etish, yosh iste’dodlarni tarbiyalash, o‘zligimizni saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega ma’naviyatimizni yuksaltirishga xizmat qiladi.

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat), O‘zA
1 252






Все о погоде - Pogoda.uz