O‘zA O`zbek

28.09.2019 Chop etish versiyasi

Viloyat hokimi “Chinobod”da sayyor qabul oʻtkazdi

Viloyat hokimi “Chinobod”da sayyor qabul oʻtkazdi

Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev Beshariq tumani “Chinobod” mahalla fuqarolar yigʻinida ommaviy sayyor qabul oʻtkazdi.

Unda sektor rahbari, viloyat tashkilotlari boshliqlari ishtirok etib, hudud aholisining murojaatini oʻrgandi. Aholini qiynayotgan muammolar xususida suhbatlashdi.

Viloyat hokimining navbatdagi sayyor qabuli uchun joy - “Chinobod” mahalla fuqarolar yigʻini tanlagani bejiz emas. Viloyatning olis va chegaradosh hududi sanalgan mazkur mahalla fuqarolar yigʻinida bugungi kunda 5 mingdan ortiq aholi istiqomat qilib kelmoqda. Bu yerning aholisi dehqonchilikda yaxshi tajribaga ega. Ayniqsa, bu qishloq ahli qovun yetishtirish va uni saqlashda juda ham mashhur.

Joriy yilda hududdagi 18-maktabgacha taʼlim muassasasi 2 milliard 400 million soʻmlikdan ortiq mablagʻ evaziga butunlay yangitdan qurildi. Koʻplab koʻchalarning ichki yoʻllari asfalt qilinib, ichimlik suvi tortildi. Bugun qoʻshni Tojikistondan tashrif buyurayotgan mehmonlar qishloqda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini koʻrib, havas qilayotgani ham ayni haqiqat.

Viloyat boshqarma va tashkilotlarining masʼullaridan iborat ishchi guruhlar mazkur mahalla fuqarolar yigʻinining har bir xonadonida boʻlib, aholi bilan muloqotda boʻldilar. Uyma-uy oʻrganishlar va muloqot chogʻida 135 ta xonadonga kirildi. Aholi tomonidan bir qator muammolar bildirilib, ularni hal etish tadbirlari koʻrildi. Shuningdek, kam taʼminlangan oilalar, yolgʻiz keksalar, bemorlar holidan xabar olindi.

Sarkor koʻchasida yashovchi 93 yoshli Topilaxon aya Qodirova bunday eʼtibordan juda mamnun boʻldi.

- Barchalaringizga katta rahmat. Bizning muammolarimizni eshitaman deb mana uyimizgacha kelyapsizlar. Shukr, hech qanday muammomiz yoʻq. Konibodomdan kelin boʻlib tushganman. Oʻn nafar farzandim bor, nevara-chevaralarni sanab adogʻiga yetolmayman. Mana duo qilib, uyni toʻrida oʻtiribmiz, - deydi Topila aya.

Viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyev mazkur qishloqda Oʻzbekiston, Furqat va Beshariq tumani fuqarolari uchun sayyor qabul oʻtkazdi. Sayyor qabul davomida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 49 ta turli mazmundagi murojaatlar qilindi. Shundan 11 tasi joyida hal etildi, qolgani esa tegishli masʼullar tomonidan qonuniy tushuntirishlar oʻtkazilib, mutasaddilarga koʻrsatma va topshiriqlar berildi.

Shuningdek, viloyat hokimi 18-umumtaʼlim maktabida boʻlib, oʻqituvchilar va oʻquvchilar bilan suhbatda boʻldi. Maktabga kitoblar jamlanmasi tuhfa qilindi, faol oʻqituvchilar sovgʻalar bilan taqdirlandi. 4–sinf oʻquvchisi Lazizbek Bahodirjonov esa Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning “Doʻppi” nomli sheʼrini oʻqib, viloyat hokimining eʼtirofiga sazovor boʻldi.

Mazkur mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Choʻlponoy Moʻydinova yolgʻiz ikki farzandni tarbiyalamoqda. Uning uyi taʼmirga muhtoj edi. Viloyat hokimligining koʻmagida 2 xonali yangi uy qurilishiga kirishildi. Viloyat hokimi Sh. Gʻaniyev mazkur xonadonda boʻldi, Ch. Moʻydinovaga tikuv mashinasi va oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.

Shuningdek, qabul davomida 3 nafar nogironligi boʻlgan fuqaroga nogironlik aravachasi taqdim qilindi.

Viloyat hokimligi axborot xizmati

1 033
OʻzA