O‘zA O`zbek

20.05.2019 19:18 Chop etish versiyasi

Viloyat hokimi: Bu oʻta mudhish voqelik barchamiz uchun sharmandali holat

Viloyat hokimi: Bu oʻta mudhish voqelik barchamiz uchun sharmandali holat

Keyingi kunlarda koʻp tilga olinayotgan, eshitgan kishi borki qalbini larzaga solayotgan Ishtixon tumani Chimqoʻrgʻon qishlogʻida sodir etilgan qotillik jinoyati boʻyicha gumon qilinuvchilar ushlangach, kecha mazkur hodisa ushbu qishloq ahli hamda tuman jamoatchiligi ishtirokida muhokama qilindi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik A.Toshpoʻlatovning taʼkidlashicha, 2019 yilning 15 may kuni Qoʻshrabot tumanida Boqichigʻatoy mahallasi hududidagi “Oltin-meros” fermer xoʻjaligi yer maydonida qarovsiz qoldirilgan “Damas” rusumli avtomashina ichida bir nechta shaxslarning jasadlari tashlab ketilganligi haqida ichki ishlar boʻlimiga xabar kelib tushadi.

Voqea joyiga zudlik bilan tezkor guruh yetib borib, vaziyatni oʻrganadi. Avtomashina Ishtixon tumani Chimqoʻrgʻon qishlogʻida yashovchi, 1998 yilda tugʻilgan I.J.ga tegishli ekanligi, mashina ichida I.J. hamda uning oila aʼzolari – 1969 yilda tugʻilgan otasi A.X., 1974 yilda tugʻilgan onasi X.Z., ukalari – 2002 yilda tugʻilgan I.A. va 2006 yilda tugʻilgan I.O.ning jasadlari borligi maʼlum boʻldi.

Mazkur holat yuzasidan shu kuni jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ichki ishlar idoralari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor-tergov harakatlari olib borildi. Jinoyatni keltirib chiqargan sabab va omillar oʻrganildi, qotillarni topish yuzasidan qishloq aholisi, hududga yaqin mahallalarda yashovchi fuqarolar bilan suhbatlashildi.

Uch kun tunu kun olib borilgan harakatlar natijasida ushbu qotillik jinoyati fosh etildi. Jinoyatni Ishtixon tumani Chimqoʻrgʻon qishlogʻida yashovchi, 1981 yilda tugʻilgan T.Gʻ., 1995 yilda tugʻilgan E.Sh., 1993 yilda tugʻilgan U.J. va Qoʻshrabot tumanida yashovchi, 1996 yilda tugʻilgan N.X. sodir etganligi aniqlanib, daliliy ashyolar olingan va ular ushlangan.

Gumon qilinuvchilarning iqrorlik koʻrsatuvlari, hodisa joyida oʻtkazilgan tekshirish tergov harakatlarida maʼlum boʻlishicha, ular bu jinoyatni ushbu xonadondan pul va boshqa qimmatli ashyolarni oʻgʻirlash niyatida amalga oshirgan. Buning uchun uzoq vaqt tayyorgarlik koʻrgan. Joriy yilning 14 mayidan 15 mayga oʻtar kechasi marhum A.X.ning xonadoniga yashirincha kirib, oila aʼzolarining uxlab yotganligidan foydalanib, oʻzlari bilan olib kelgan temir boʻlaklari bilan ularning bosh, yuz va jagʻ qismlariga bir necha marotaba urib, qasddan oʻldirib, xonadondan 22 million soʻm va “Samsung Galaxy A8” rusumli telefonni qoʻlga kiritishgan.

Shundan soʻng, ular jinoyat izlarini yashirish maqsadida marhum J.I.ga tegishli “Damas” rusumli avtomashinaga jasadlarni yuklab, avtomashinani Qoʻshrabot tumanidagi Boqichigʻatoy qishlogʻidagi dalaga tashlab ketgan.

– Bu oʻta mudhish voqelik barchamiz uchun sharmandali holat, – dedi viloyat hokimi E.Turdimov. – Toʻrt nafar yosh yigitlarning pul ilinjida besh kishining qotiliga aylanishi tasavvur qilish qiyin boʻlgan holat. Ming afsuski, ana shu tasavvur qilib boʻlmaydigan holat sizu bizning koʻz oʻngimizda roʻy berdi. Odam bolasining shunchalik vahshiylikka borishini xayolga keltirishning oʻzi dahshat. Buning ildizi avvalo odamlarning bir-biriga befarqligi, atrofda boʻlayotgan voqea-hodisalarga eʼtiborsizligiga borib taqalmoqda. Sen menga tegma, menga senga tegmayman, degan qarash mana, nima oqibatga olib keldi. Axir Chimqoʻrgʻonda ham mahalla bor, oqsoqollar bor. Profilaktika inspektori, uning yordamchisi faoliyat koʻrsatadi. Nahotki, mahallada hech kim odamlarning bir-biriga bunday munosabati shakllanganini sezmagan? Bu faqat chimqoʻrgʻonliklar uchun emas, butun Ishtixon tumani aholisi, barchamiz uchun achchiq saboq boʻlishi kerak.

Bunday ogʻir jinoyatlarga qarshi barchamiz birgalikda kurashishimiz, joylarda profilaktik tadbirlarni kuchaytirish lozim. Albatta, jinoyatni sodir etgan qonunda belgilangan jazosini oladi. Lekin bu jinoyat Chimqoʻrgʻondagi muhitga, odamlarning munosabatlariga salbiy taʼsir koʻrsatmasligi, aksincha odamlarni jipslashtirishi, ogoh va hushyorlikka chorlashi lozim.

Uchrashuvda Samarqand viloyati prokurori F.Zufarov, Ishtixon tumani hokimi Sh.Negmatov, Chimqoʻrgʻon qishlogʻi oqsoqollari va tuman faollari soʻzga chiqib, aholini jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga, yoshlar taʼlim-tarbiyasiga jiddiy eʼtibor qaratish hamda atrofdagi voqea-hodisalarga befarq boʻlmaslikka daʼvat etdilar.

Gʻolib HASANOV, OʻzA
4 017