O‘zA O`zbek

22.10.2019 Chop etish versiyasi

VII Yevropa kinofestivali: Kinorejissyor Daynis Klaava bilan ijodiy uchrashuv

VII Yevropa kinofestivali: Kinorejissyor Daynis Klaava bilan ijodiy uchrashuv

Oʻzbekistonda VII Yevropa kinofestivali boʻlib oʻtmoqda. Madaniy tadbir doirasida Toshkent, Nukus, Urganch va Jizzax shaharlari kinoteatrlarida Avstriya, Vengriya, Germaniya, Daniya, Italiya, Latviya, Gollandiya, Finlyandiya, Fransiya va Shvetsiya filmlari namoyish qilinmoqda.

Shu bilan birga, yevropalik taniqli kino ustalari ishtirokida ijodiy uchrashuvlar, mahorat darslari ham tashkil etilayotir. Ulardan biri 22-oktyabr kuni “Oʻzbekkino” Milliy agentligida boʻlib oʻtdi.

Ijodiy uchrashuvda Latviyaning yetakchi kinorejissyorlaridan biri Daynis Klaava “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” ijodiy jamoasi bilan muloqotda boʻldi.

Daynis Klaava “Sea of Attractions” (Dengizning diqqatga sazovor joylari), “Lake Lubans: Squaring the Circle”(Lyubans koʻli: aylana boʻylab kvadrat), “European Union” (Yevropa Ittifoqi) kabi hujjatli filmlari bilan tanilgan. Rejissyorning qator filmlari xalqaro kinofestivallarda eʼtirof etilgan. Ulardan biri “The Naivists” (Havaskorlar) nomli kino asari. Ushbu film rang-tasvir sanʼatidan zavqlanadigan insonlar haqida.

Oʻzaro muloqotda “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” davlat unitar korxonasi direktori Bahodir Odilov mehmonni mamlakatimizda kino sohasida olib borilayotgan islohotlar, yangiliklar bilan tanishtirdi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlari ijrosi doirasida "Oʻzbekkino” Milliy agentligi tomonidan 2020-yilda 30 badiiy, 60 qismli 30 hujjatli, 15 multiplikatsion filmlar, 10 soatli qisqa metrajli va yumoristik kinojurnal ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Muloqotda Daynis Klaava hujjatli filmlar ishlash sohasida latviyalik mutaxassislar tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.

Oʻtgan asrning oltmishinchi yillarida Riga kinostudiyasida chuqur mazmunli, original hujjatli filmlar yaratilgan. Ular orasida 1967-yilda suratga olingan Uldis Braunsning “235 000 000” filmi alohida oʻringa ega. Kino asarning nomlanishi ramziy maʼnoda boʻlib, oʻsha davrda sobiq ittifoq hududida yashagan aholi soni 235 millionni tashkil qilgan. Film turli taqdirlar haqida hikoya qiladi.

Latviya hujjatli filmlari tarixi haqida gap ketganda, 1986-yilda Yuris Podniyeks tomonidan yaratilgan “Yosh boʻlish osonmi” afsonaviy filmini yodga olmaslikning iloji yoʻq. Mana shunday sara filmlar qatoriga Ivar Seleskisning “Poperechnaya koʻchasi” (1988-yil) va Xers Frankning "Oʻn daqiqaga katta” (1978) hujjatli kino asarlarini kiritish mumkin.

Bugungi kunda ham Latviyada hujjatli kino sohasi taraqqiy etmoqda. Yiliga oʻnlab hujjatli filmlar suratga olinib, ularda oʻtgan asrdagi kino maktabi anʼanalari koʻzga tashlanadi.

Tadbirda Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi vakillari ham ishtirok etib, oʻzbekistonlik kino mutaxassislari yevropalik yana qaysi kinorejissyorlar bilan ijodiy muloqot qilish istagida ekanligiga qiziqdi. Navbatdagi madaniy tadbirlar ana shu takliflar asosida tashkil etiladi.

612
Malohat HUSANOVA, OʻzA