O‘zA O`zbek

10.08.2018 11:21 Chop etish versiyasi

VIDЕO: Samarqandda o‘qishga kiritmoqchi bo‘lgan firibgarlar qo‘lga tushdi

VIDЕO: Samarqandda o‘qishga kiritmoqchi bo‘lgan firibgarlar qo‘lga tushdi
Oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayonlarining shaffofligini ta’minlash, ta’limdagi korrupsiya va poraxo‘rlikning oldini olishga ham astoydil kirishilganiga qaramay, “o‘qishga kiritib qo‘yaman, testni hal qilib beraman”, degan va shu orqali mo‘may pul ishlab olish ilinjidagi ucharlar hali-hanuz uchrab turibdi. Samarqand viloyatida ham aynan shunday maqsadda “Bunker” tashkil qilgan firibgarlarning bir guruhi qo‘lga olindi.



Guruh a’zolaridan biri Ma’ruf Nurmurodov navbatdagi abituriyentniSamarqand Arxitektura-qurilish institutiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3000 AQSH dollarini olayotgan vaqtida Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi. Shundan so‘ng, tezkor o‘tkazilgan tadbir davomida firibgarlarning ini Samarqand shahar 4-kichik tuman 83-uy, 65-xonadonda ekanligi aniqlandi.

E’tibor bering, xonadondan olingan ashyoviy dalillarning o‘zi ham jinoiy guruhning faoliyati qay daraja keng quloch yozganidan dalolat beradi. Fuqarolik pasportlarining nusxalari va fotosuratlar, qayd etish varaqalari, tilxatlar, abituriyentlarning pasportlari va ruxsatnomalarning asl nusxalari... Bularning o‘zi ham, afsus bilan aytish kerak, o‘z bilimiga emas, aksincha puliga ishongan ma’naviyatsiz yoshlarning hali-hanuz borligini ko‘rsatadi.

Endi jinoiy guruhning faoliyatiga to‘xtalsak. “Pul bo‘lsa changalda sho‘rva, bolamning bilimi bo‘lmasa ham o‘qishga kiritaman” degan xomxayolda yurganlarni topib, ularning hojatini chiqarish orqali mo‘may daromad olish maqsadida Samarqand chet tillari instituti talabasi Abror Akromjonov o‘ziga o‘xshagan usta firibgarlarni topib maxsus guruh tuzadi.

Guruhning har bir a’zosining o‘ziga yarasha aniq vazifalari belgilab beriladi. Uchqun Avezov test savollarini yechib beradigan bilimli yigit-qizlarni topish bilan shug‘ullansa, boshqa a’zolar – Ma’ruf Nurmurodov va Mirjamol Ergashev esa puli ko‘p abituriyentlarni izlash bilan mashg‘ul bo‘ladi.

Aniqlanishicha, jinoiy guruh o‘z faoliyatida turli usullardan foydalanib kelgan. Bir qarashda oddiy: imtihonlarga aynan abituriyentga o‘xshash, bilimi bor, deb hisoblangan shaxs topilgan va u kirib test savollarini yechib bergan. Agarda buning sira iloji bo‘lmasa, unda xufyona aloqa vositasidan foydalanilgan.

Olib borilgan tergov oldi tekshiruv harakatlari davomida fuqaro Ma’ruf Nurmurodov ijaraga olib yashayotgan xonadondan 97 ta pasport nusxasi va fotosuratlar, 13 ta abiturentning qayd etish varaqasi, hujjatlarni topshirganlik haqidagi tilxatlar, 23 dona fuqarolik pasporti va abiturentlar ruxsatnomalarining asl nusxalari topilgan. Abror Akramjonov yashayotgan uy ko‘zdan kechirilganda 14 ta pasport nusxasi va fotosuratlar, DTM ruxsatnomalari va boshqa hujjatlar ashyoviy dalil sifatida olindi.

2 yillik faoliyati davomida guruh qanchadan-qancha qing‘irliklar qilgani va uning to‘riga kimlar ilinganiyu, chuv tushgani haqidagi ma’lumotlar endi tergov harakatlari davomida aniqlanadi. Lekin bir narsa aniq, guruhning faoliyati davomida bunday firibdan na abituriyentlarga va na ularning ota-onalariga zarracha naf bo‘lmagan. Chunki guruh tashkilotchisi tomonidan “paravoz” sifatida tanlangan “bilimdon”larning aksariyati aslida chalasavod ko‘chirmachilarekani ham ma’lum bo‘ldi.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan A.Akramjonov, M.Nurmurodov, M.Ergashev, U.Avezov va boshqalarga nisbatan JKning 168-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 
Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot 
bo‘limi bilan hamkorlikda tayyorlandi

O‘zA
3 878