O‘zA O`zbek

21.08.2019 Chop etish versiyasi

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

Samarqand veterinariya meditsinasi institutida “Veterinariya va chorvachilikni 2018-2021 yillarda rivojlantirish istiqbollari” mavzuida seminar o‘tkazildi.

Seminar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda Samarqand veterinariya meditsinasi instituti hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirda mamlakatimizda mustaqillik yillarida veterinariya sohasi va chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish, sohaga ilmiy asoslangan innovatsion ishlanmalar natijalarini joriy etish, veterinariya servis sifatini oshirish, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirishni tashkil etish hamda mutaxassislarning ish uslublarini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Mamlakatimizda veterinariya sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish, chorva mollarining naslini yaxshilash, ozuqa bazasini mustahkamlash, naslchilik yo‘nalishidagi chorvachilik xo‘jaliklari faoliyatini hamda chorvachilik mahsulotlarini yetishtirishda yirik tadbirkorlik sub’ektlari ko‘paytirilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Naslchilik-seleksiya ishlarini yuritishning ilmiy asoslangan innovatsion uslublarini joriy etish bo‘yicha qabul qilgan farmon va qarorlar veterinariya va chorvachilik sohasini yanada rivojlantirishning huquqiy asoslarini takomillashtirishga xizmat qilmoqda.

Yurtimiz aholisining asosiy oziq-ovqat tovarlari, avvalo go‘sht, sut va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji 1990 yilda import hisobidan qoplangan bo‘lsa, hozirgi vaqtda ularning 96 foizi mamlakatimizda ishlab chiqarilmoqda. Buning natijasida o‘tgan davrda aholi jon boshiga go‘sht iste’moli 1,4 barobar, sut va sut mahsulotlari – 1,5 karra ko‘payganligini qayd etish lozim. Bu ko‘rsatgichlar mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning mustahkam poydevoridir.

Harakatlar strategiyasi doirasida respublikada qoramollar bosh sonini 13 million 367 ming boshga, qo‘y va echkilar bosh sonini 22 million 577 ming boshga va parrandalar bosh sonini 85 million 616 ming boshga, tirik vaznda go‘sht yetishtirishni 2 million 556 ming tonnaga, sutni 11 million 76 ming tonnaga, tuxumni 7 milliard 728 million donaga va baliq ovlashni 201,5 ming tonnaga yetkazish, 13 ta parrandachilik klasterlari tashkil etish tadbirlari doirasida parrandachilik yo‘nalishida 199 ta loyihalarni amalga oshirish hamda mavjud va yangi tashkil etilayotgan parrandachilik fermalarini to‘la qiymatli ozuqa bilan ta’minlash maqsadida talab etiladigan ozuqa yer maydonlarini ajratish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

– O‘zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan 2 ming 139 ta veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, respublikada 156 turdagi dori vositalari ishlab chiqarilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Jabborov. – Uchastka veterinariya vrachlariga yanada qulay sharoitlar yaratish hamda tezkorlikni oshirish maqsadida markazlashgan holda aholi tarqoq joylashgan hududlardagi veterinariya uchastkalariga 190 ta mototransport, 220 ta velosiped, 500 ta qo‘l purkagichlari va 400 ta emlamalarni olib yurish uchun termosumkalar bilan ta’minlandi.

photo5395742207257979635.jpg

Tadbir ishtirokchilari tomonidan veterinariya va chorvachilik sohasida ta’lim, fan va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasida qo‘lga kiritilgan natijalar aholini go‘sht, sut mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash bilan bir qatorda bugungi jahon bozorining murakkab talablari sharoitida mahsulotlarning eksport salohiyatini kengaytirishga imkoniyat yaratib berayotgani e’tirof etildi.

Shuningdek, veterinariya yo‘nalishidagi ilmiy tadqiqotlar va qorako‘lchilikni rivojlantirish hamda uning istiqbollari yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar soha rivojiga turtki bo‘lishi aytildi.

Shu bilan bir qatorda, deputatlar sohada alohida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan ayrim masalalarga to‘xtalib o‘tishdi. Jumladan, qonunchilik bazasini takomillashtirish, mamlakat hududlarini hayvonlarning yuqumli kasalliklari kirib kelishidan himoya qilishni ta’minlash, amaliyotga hayvonlarni davolashning va profilaktikasining zamonaviy usullarini joriy etish, mahalliy va xorijiy fan yutuqlarini tatbiq etish asosida veterinariya dori vositalarining yangi turlari va shakllarini ishlab chiqarishni tashkil etish, soha kadrlarini tizimli tayyorlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tashkil etish masalalari yuzasidan fikrlar bildirdi.

Tadbir so‘ngida bildirilgan takliflar asosida Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasining tegishli tavsiyalari ishlab chiqildi.

4 339
Abdulaziz Yo‘ldoshev, O‘zA