O‘zA O`zbek

18.07.2019 Chop etish versiyasi

Vazirlik va senatorlarga hisobot berdi

Vazirlik va senatorlarga hisobot berdi

Oliy Majlis Senati Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Suv xoʻjaligi vazirligining joriy yilning birinchi yarmida amalga oshirgan ishlari, kelgusi rejalar haqida maʼlumot berildi.

Taʼkidlanganidek, Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan hududlarni, iqtisodiyot tarmoqlarini suv resurslari bilan barqaror va oqilona taʼminlash, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash borasida samarali ishlar bajarilmoqda. Bunda irrigatsiya tizimlari, suv omborlari, nasos stansiyalari va boshqa gidrotexnika inshootlarining ishonchli ishlashini taʼminlashga, yirik va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlarini muhofaza qilishni tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, vazirlik tomonidan 2019-yilda amalga oshirilishi zarur boʻlgan 11 asosiy mezon asosida 38 vazifa belgilab olingan. Oʻrganish natijalari shuni koʻrsatdiki, joriy yilning birinchi yarim yilligida bajarilishi belgilangan vazifalarning aksariyati amalga oshirilgan.

Joriy yilda 12 ming gektardan ziyod paxta yetishtiriladigan maydonda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish boʻyicha 199 paxta xomashyosi yetishtiruvchi, shundan 188 fermer xoʻjaligi va 11 klaster tashkilotining roʻyxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlandi. 10 ming gektar maydonda qurilish-montaj ishlari yakunlanib, hozirgi kunda sugʻorish ishlari olib borilmoqda.

2019-yilning yanvar-iyul oylarida 345 irrigatsiya obyektida 866,2 milliard soʻm mablagʻ oʻzlashtirildi. 379,1 kilometr kanallar, 63,2 kilometr lotok tarmoqlari, 28 dona gidrotexnika inshooti, 19 sugʻorish qudugʻi, 5,3 kilometr bosimli quvurlar almashtirildi. Suv xoʻjaligi tashkilotlarini zamonaviy suv sarfini oʻlchash asboblari bilan taʼminlash boʻyicha bugungi kundagi 350 talabdan kelib chiqib 70 suv oʻlchash asbobi sotib olinmoqda.

Meliorativ obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha 183 loyiha doirasida 209 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ oʻzlashtirilib, 607,6 kilometr kollektor tarmoqlar qurildi va rekonstruksiya qilindi.

Shu bilan birga, ayrim masalalarda sustkashlikka yoʻl qoʻyilgan. Jumladan, nasos stansiyalarida elektr energiyasi sarfini kamaytirish yuzasidan 539 inshootni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish boʻyicha texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarni ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish belgilangan. Ularning 299 tasi boʻyicha yettita loyihani rossiyalik hamkorlar ishtirokida moliyalashtirish rejalashtirilgan edi. Xorijiy hamkorlar tomonidan asbob-uskunalar va materiallar boʻyicha narxlar taqdim etilmaganligi sababli texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarni ishlab chiqish ishlari yakunlanmaganligi majlisda alohida taʼkidlab oʻtildi. Shuningdek, bunday holatga moliyalashtirish manbalari toʻliq aniqlanmaganligi ham sabab boʻlgan.

Majlisda bu kabi muammolarni bartaraf etish yoʻllari koʻrib chiqilib, senatorlar tomonidan tegishli tavsiyalar va takliflar bildirildi. Xususan, nasos stansiyalarida elektr energiyasi sarfini kamaytirish yuzasidan modernizatsiya va rekonstruksiya ishlarini olib borish boʻyicha texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqishni moliyalashtirish manbalari toʻliq hisob-kitoblarini Moliya vazirligi bilan birgalikda tuzish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, yirik va oʻta muhim gidrotexnika inshootlari xavfsiz ishlashini taʼminlash borasida olib borilgan ishlar boʻyicha monitoringni talab darajasida taʼminlash, suv sarfini oʻlchaydigan nosoz asboblar sonini qisqartirish va suv xoʻjaligi tashkilotlarini zamonaviy suv sarfini oʻlchash asboblari bilan 2019-yil oxirigacha taʼminlash choralarini koʻrish zarurligi qayd etildi.

* * *

Shu kuni Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatiga doir axborotni ham eshitdi.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan 2019-yilning birinchi yarmida bajarilishi lozim boʻlgan topshiriqlarning yarmi bajarilmagan.

Davlat qoʻmitasiga amaldagi qonunchilikni xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda xatlovdan oʻtkazish hamda meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish yuklangan. Sohaga oid meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni Hayvonlar sogʻligʻini himoya qilish butunjahon tashkilotining standartlariga toʻliq moslashtirish maqsadida Biologik xavfsizlik boʻyicha hamkorlik dasturi doirasida Xalqaro epizootik byuro (XEB) ekspertlarini jalb qilish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Biroq xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda xatlovdan oʻtkazish hamda meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish ishlari yakuniga yetkazilmaganligi sababli topshiriq ijrosi belgilangan muddatida bajarilmagan.

Bundan tashqari, yil davomida bajarilishi belgilangan vazifalar sustkashlik bilan ijro etilmoqda. Xususan, chorvachilikda ozuqa bazasini yanada mustahkamlash maqsadida gʻalladan boʻshagan maydonlarga joriy yilning iyun-iyul oylarida takroriy ekin sifatida 230,9 ming gektar makkajoʻxori ekilishi rejalashtirilgan boʻlsa-da, bugungi kunda yerlarning attigi 96 ming 448 gektari yoki 42 foizi shu maqsadda foydalanilgan.

Shuningdek, parrandachilik, baliqchilik, chorvachilik sohalarida belgilangan vazifalar ham qisman bajarilgani qayd etildi. Xususan, hududlarda chorvachilik fermer xoʻjaliklari va aholi uylaridagi hayvonlarga koʻrsatiladigan veterinariya xizmatlarini yaxshilash maqsadida 20 ta veterinariya uchastkasini konteyner shaklida qurish ishlari boshlanmagan.

Bundan tashqari, veterinariya uchastkalarida faoliyat yuritayotgan xodimlarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, ularni moddiy qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish uchun mototransport vositalari va velosipedlar xarid qilish uchun tegishli mablagʻlar oʻz vaqtida ajratilmagan.

Majlisda aniqlangan kamchiliklar va muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq takliflar bildirildi. Jumladan, parrandachilik sohasida belgilangan loyihalarni amalga oshirishda hamda baliqchilik sohasini intensiv rivojlantirishda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish choralarini koʻrish lozimligi taʼkidlandi.

Majlisda koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

2 040
Nurillo NASRIYEV, Farhod ABDURASULOV olgan suratlar, OʻzA