O‘zA O`zbek

03.12.2019 Chop etish versiyasi

Vazirlik va davlat tashkilotlari rahbarlariga sertifikat va navbatdagi harbiy unvonlar topshirildi

Vazirlik va davlat tashkilotlari rahbarlariga sertifikat  va navbatdagi harbiy unvonlar topshirildi
Milliy armiyamiz negizida amalga oshirilayotgan majmuaviy islohotlar bo‘g‘ini sifatida xalq va armiyaning hamjihatligi muhim o‘rin tutadi. Yangi tahrirdagi Mudofaa Doktrinasida ham aynan ochiqlik, oshkoralik tamoyillari ustuvor vazifa etib belgilangan.

“Chirchiq” umumqo‘shin dala-o‘quv maydonida vazirliklar va boshqa davlat tashkilotlari rahbarlari tarkibi bilan o‘tkazilgan besh kunlik yig‘in davomida ko‘zlangan natijalarga erishildi.

Yig‘in ishtirokchilari bilan mashg‘ulotlar chog‘ida dunyo va mintaqada kechayotgan harbiy-siyosiy vaziyatlar qiyosiy tahlil etildi. Jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, tinchlik va urush davrida front orti ta’minotini tezkor tashkillashtirish yuzasidan muhim ko‘nikmalar hosil qilindi.

Mudofaa tizimida harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligini oshirib borish, kuch tuzilmalarining vazifalari va imkoniyatlari xususida mutaxassislarning ma’ruzalari tinglandi. Shuningdek, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodni ona-yurtga sadoqat, fidoyilik, harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy xizmatga ishtiyoqini yanada oshirish borasida ham fikr-mulohazalar yuritildi.
Ishtirokchilar dala-o‘quv maydonida bajargan amaliy mashg‘ulotlari mobaynida jismoniy, saf, topografiya va taktik tayyorgarliklar, o‘qotar qurollardan otish, jangovar texnikalarni boshqarish kabi qator sinovlardan o‘tishdi.

Yig‘in yakuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda O‘zbekiston Mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov, Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Pavel Ergashev ishtirok etishdi. Yig‘in qatnashchilariga sertifikat, bir guruh zaxiradagi harbiy xizmatchilarga esa navbatdagi ofitserlik unvonlari topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu yig‘in mashg‘ulotlarining ikkinchi bosqichi joriy yilning dekabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mudofaa vazirligi Axborot va 
ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.

970
O‘zA