O‘zA O`zbek

12.07.2019 18:13 Chop etish versiyasi

Vazirlik tomonidan maqsadli vazifalar toʻliq bajarilmagan

Vazirlik tomonidan maqsadli vazifalar toʻliq bajarilmagan

Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Ichki ishlar vazirligi faoliyati samaradorligi hamda maqsadli vazifalar ijrosi boʻyicha 2019-yil birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobot eshitildi.

2019-yil davomida Ichki ishlar vazirligi zimmasiga 47 ta maqsadli vazifa yuklangan boʻlib, ulardan 24 tasining bajarish muddati 2019-yilning birinchi yarim yilligi etib belgilangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan taqdim qilingan maʼlumotlarga asosan oʻtkazilgan tahlillar natijasida 2019-yilning I choragi davomida bajarilishi lozim boʻlgan topshiriqlardan 3 tasining ijrosi toʻlaqonli taʼminlanmaganligi aniqlangan.

Xususan, shaxsiy tarkib sonini 361 ta birlikka oshirish toʻgʻrisida Ichki ishlar vazirligining buyrugʻini qabul qilish hamda Toshkent shahar ichki ishlar organlarining 11 ta boshqarmasi apparatini qisqartirish hisobiga Toshkent shahar ichki ishlar boʻlinmalarining shaxsiy tarkib sonini 361 taga (20 foizga) oshirish belgilangan boʻlsa-da, vazirlikning tegishli buyrugʻi oʻz vaqtida qabul qilinmagan.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Xotin-­qizlar qoʻmitasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, boshqa jamoat tashkilotlari va idoralari bilan birgalikda huquqbuzarliklarning oldini olish va xotin-qizlar oʻrtasida jinoyatchilik darajasini kamaytirish boʻyicha birgalikdagi harakatlar rejasini ishlab chiqish va qabul qilish belgilangan. Biroq ushbu maqsadli vazifa ham oʻz vaqtida bajarilmagan.

Bundan tashqari, vazirlik zimmasiga uyushmagan yoshlar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish yuzasidan kompleks chora-­tadbirlar ishlab chiqib, tasdiqlash vazifasi yuklatilgan. Lekin uning ijrosi taʼminlanmagan.

Majlisda taʼkidlanganidek, hozirgi vaqtda Ichki ishlar vazirligi tomonidan yuqorida koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda. Yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tizim ish samaradorligi va natijadorligi oshishini, vazirlik faoliyatini yanada kuchaytirish uchun zarur chora-tadbirlar koʻrish lozimligini koʻrsatmoqda.

Majlisda mavzu yuzasidan aniq taklif va tavsiyalar bildirildi.

Nurillo NASRIYEV, OʻzA
653