O‘zA O`zbek

10.12.2019 Chop etish versiyasi

Vazirlik mutasaddilari olis hududdagi maktablarda bo‘ldi

Vazirlik mutasaddilari olis hududdagi maktablarda bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari D.Kenjaev va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri A.Ayapov Nukus shahridan 420 kilometr uzoqda joylashgan Qo‘ng‘irot tumani “Qoraqalpog‘iston” shaharcha fuqarolar yig‘ini aholisi bilan uchrashdi.

Prezidentimiz topshiriqlariga muvofiq, xalqning, ayniqsa, eng chekka hududlarda yashayotgan insonlarning holidan xabar olib, ularning muammolarini ijobiy hal qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Vazirlik vakillari shaharcha fuqarolar yig‘inidagi 26-umumta’lim maktabi hamda 56-sonli umumta’lim maktabidagi 346-saylov uchastkasida bo‘ldi. Tashrif muassasaning kuz-qish mavsumiga hamda saylovlarga tayyorgarlik jarayonlari ko‘zdan kechirildi. Binolarni isitish tizimi, saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi operatorlarining savodxonligi, saylov ob’ektidagi kompyuter jamlanmalarining holati, ularning internet tarmog‘iga ulanganligi, uzluksiz elektr energiyasi va internet bilan ta’minlanganligi, shuningdek, joylardagi kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish masalalariga e’tibor qaratildi.

Tuman markazidan 320 kilometr olisda joylashgan shaharchada 26- va 56- umumta’lim maktablarida “Obod qishloq” dasturi doirasida ta’mirlash va jihozlash ishlari deyarli to‘liq amalga oshirildi. Mutasaddilar o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, bugungi kunda Prezidentimiz rahbarligida ta’lim tizimini takomillashtirish hamda jahon andozalari darajasiga ko‘tarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berishdi.

Bundan tashqari, o‘quvchilarga kelgusida kasb tanlash, Vatanga fidoyi xizmat qilish, yaratilgan sharoitlardan oqilona foydalanish lozimligi qayd etildi.

1 288
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA