O‘zA O`zbek

29.03.2020 Chop etish versiyasi

Vazirdan xat: “Birinchi boʻlishning zavqi boshqa!”

Vazirdan xat: “Birinchi boʻlishning zavqi boshqa!”
Hozir koʻpchilik uyda. Oʻzimizni, yaqinlarimizni, hamshaharlarimizni mashʼum kasallik – koronavirusdan asrash uchun ham uyimizdan chiqmasligimiz kerak. Kitob oʻqish, roʻzgʻor ishlarini bajarish, televizor koʻrish, ijtimoyi tarmoqlarda muloqot qilishdan zerikkanda maktub yozish ham mumkin.

Innovatsion rivojlanish vazirligining “Vazirdan maktub/Vazirga maktub” aksiyasi davom etmoqda. Eʼtiboringizga akademik Ibrohim Aburahmonovning Toshkent tibbiyot akademiyasi 2-bosqich talabasi Zumradxonga yozgan javob xatini taqdim etamiz.

“Hurmatli Zumradxon!

Sizning sof ingliz tilida bitilgan maktubingizni oldim. Bu menga yozilgan birinchi javob xati boʻlgani bois, uni oʻqishga oshiqdim.

Onangiz mening xatimni oʻqib hayajonga tushganingizni, uni hatto bobongiz va buvingizga oʻqib berganingizni aytdi, bundan boshim osmonga yetdi.

Sababi mening maqsadim qalbingizga biroz hayajon, yangicha tuygʻular olib kirish, buning natijasida siz oʻzingiz, oilangiz va jamiyatimiz uchun koʻproq foydangiz tegsin.

Men shu kunlarda koʻpchilikdan javob xatlari kutyapman, ammo aytishim joizki, birinchi boʻlishning zavqi boshqa va bu sizning kelajagingizning yorqin ekanidan dalolat hamdir. (Olim sifatida tadqiqotlarim natijasini hammadan avval taqdim etishga intilaman, hamisha oʻz sohamga doir materiallarni oʻqib boraman, va biror gʻoyam yoki taklifimni kiritish uchun shay turaman!)

Sizni birinchi boʻlishga harakatingizdan quvondim, shu tarzda davom etavering!

Men haqiqatan ham sizning ingliz tilida yozgan maktubingizdan koʻnglim toʻldi. U juda yaxshi yozilgan, oddiy va mazmunli, matningiz ham ravon. Xatning yozilishi ham, tuzilishi ham maqtovga sazovor. Men buni koʻplab kitoblarning muharriri va maqolalarning retsenzenti sifatida aytyapman. Qoyil! Shunday davom etavering, Zumradxon! Aytishim joizki, ingliz tilidagi bilimingiz hayotingizda va boʻlajak kasbingizda yutuqlarga erishishingizga yordam beradi.

Sizning shifokor boʻlishga qaror qilganingiz, va oʻzingizni ushbu kasbda qanday koʻrishingiz haqidagi tiniq fikrlaringiz, xususan, innovatsion texnologiyalarga qiziqishingiz va kelajakda tibbiyotga oid bilimingizni rivojlantirish boʻyicha rejalaringiz haqida oʻqib, men sizni vazirligimizning ishonchli hamkori ekaningizni tushundim. Haqiqatan ham Oʻzbekiston “Aqlli tibbiyot” sohasida katta ishlarni amalga oshirish arafasida turibdi va siz toʻgʻri yoʻldan ketyapsiz! Bu — kelajak kasbi.

Nomamning soʻngida men sizning AQSHning eng nufuzli universitetlarida taʼlim olish niyatingizni butkul qoʻllab-quvvatlayman. Oʻqing, oʻrganing va yosh avlodga yangi bilimlarni berish uchun Vatanga qayting! Bu sizning maqsadingiz boʻlishi kerak!

Men sizning kasbingiz sari bosayotgan ilk qadamlarga muvaffaqiyatlar tilayman. Yozib turing, erishgan yutuqlaringiz haqida xabardor boʻlay.

Eng ezgu tilaklar bilan,

Ibrohim Abdurahmonov,

Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi”

1 131