O‘zA O`zbek

14.08.2018 17:14 Chop etish versiyasi

Vazir o‘rinbosari axborot berdi

Bugungi kunda sayyoramizda 2 milliard inson temir moddasi va A vitamini kabi odam organizmi uchun o‘ta zarur bo‘lgan organik mikroelementlarni talab darajasida iste’mol qilmaydi. Shu tufayli aksariyat bolalarning o‘sishi va rivojlanishi ortda qolmoqda. Bularning asosiy sababi sog‘lom ovqatlanish va turmush tarzidagi kamchiliklardir.

Parlament quyi palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari B.Yusupaliyevning axborotini eshitdi. Unda aholining sog‘lom ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini yuritish masalalari haqida ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, nosog‘lom ovqatlanish va nosog‘lom turmush tarzi yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet, saraton va boshqa surunkali xastaliklarga olib kelmoqda. Bu esa, aholining yaxshi yashashiga va sihat-salomatligiga salbiy ta’sir qilmoqda. Birgina keng tarqalgan kamqonlik anemiyasining o‘zi jiddiy e’tibor qaratish lozim bo‘lgan muammolar sirasiga kiradi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda dunyodagi 1,62 milliarddan ortiq inson temir tanqisligi anemiyasiga chalingan.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 yanvardagi “Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda to‘g‘ri ovqatlanishini tashkil etish borasida muhim huquqiy hujjat vazifasini o‘tamoqda.

O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasi aholisining sog‘lom ovqatlanishi sohasidagi chora-tadbirlar kompleksi ijrosini ta’minlash maqsadida maktabgacha ta’lim muassasalarida to‘laqonli va xavfsiz ovqatlanishni tashkil etishning va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligiga gigiyenik talablar, sut va sut mahsulotlariga (sut, qaymoq, tvorog, pishloq, smetana, kefir, qatiq) davlat standartlari ishlab chiqildi. Bunda tayyor oziq-ovqat mahsulotlari tarkibiga qo‘shiladigan shakar, tuz, to‘yingan va transkislotalar va qo‘shimchalarni xavfsiz miqdorda me’yorlashtirish ko‘zda tutilgan.

Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga qaramay, bu boradagi muammolar to‘la bartaraf etildi, deb bo‘lmaydi. Oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini tekshirish maqsadida 2017 yilda o‘tkazilgan laboratoriya tahlillariga ko‘ra, sanitariya-gigiyena laboratoriyalarida 265 ming 332 ta oziq-ovqat mahsuloti namunalari tekshirilganda, ularning 9 ming 302 tasi me’yor talablariga javob bermasligi aniqlangan.

Birgina shu faktlarning o‘zi ushbu sohada hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p ekanini ko‘rsatadi.

Eshituvda qayd etilganidek, sog‘lom ovqatlanish bilan bog‘liq mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida aholining oziq-ovqat xavfsizligi va ratsional ovqatlanishini ta’minlash yuzasidan tashkiliy-huquqiy mexanizmlarga doir chora-tadbirlar rejasi loyihasi ishlab chiqilgan. Unda qilinishi lozim bo‘lgan o‘ta dolzarb vazifalar aniq belgilab olingan.

Yakunda tegishli qaror qabul qilinib, takliflar tayyorlashga kelishib olindi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
1 811