Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.08.2017 16:16 Chop etish versiyasi

Vazifalar ijrosini ta’minlashning aniq mexanizmlari ishlab chiqildi

Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishidagi ma’ruzasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish yuzasidan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi.

Partiya tomonidan tashkil etilgan brifingda ushbu dasturning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida ommaviy axborot vositalari xodimlariga ma’lumot berildi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi S.Otamurodov davlatimiz rahbarining mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida siyosiy partiyalarning rolini oshirish va siyosiy partiyalar faoliyatini tubdan takomillashtirish borasida bildirgan tanqidiy fikrlaridan har bir deputat xulosa chiqarishi, partiyaning g‘oyaviy va mafkuraviy dasturlarini takomillashtirish yuzasidan o‘z taklif-mulohazalari bilan faol qatnashishi davr talabi ekanligini ta’kidladi.

Prezidentimiz ma’ruzasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan chora-tadbirlar dasturida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tashkilotlarining va Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasining ustuvor vazifalari belgilandi.

Dasturda vazifalarni bajarishning aniq muddatlari, mas’ullari belgilanishi bilan birga, ularni amalga oshirish mexanizmlari ham aks ettirilgan. Mamlakatimiz hayotida amalga oshirilayotgan islohotlarga partiya pozitsiyasini bildirish va uni keng jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni kengaytirish, matbuot orqali chiqishlarni ko‘paytirish choralari ko‘zda tutilgan. Partiya fraksiyasi va deputatlik guruhlarining ijro hokimiyati idoralari faoliyati ustidan samarali parlament va deputatlik nazoratini o‘rnatish yuzasidan yangi tizim yaratish belgilangan.

Partiyada kadrlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish, partiya apparati xodimlari uchun maxsus o‘quv kurslar tashkil etish hamda hududiy partiya tashkilotlari moddiy-texnik ta’minotini yanada yaxshilashga doir muhim yo‘nalishlar kiritilgan. Partiyaning mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari faoliyatini, partiya tashkilotlarining fraksiya bilan uzviy aloqasini kuchaytirish, qonunlar qabul qilishda jamoatchilik va saylovchilarning keng ishtirokini ta’minlash kabi ustuvor vazifalarga ahamiyat qaratilgan. Bundan tashqari, fraksiyaning davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirishga qaratilgan ishlarni jadallashtirish, fraksiya a’zolari tomonidan joylarda olib borilayotgan ishlarning haqiqiy ahvolini o‘rganish jarayonini yanada takomillashtirish borasida aniq vazifalari va ularni amalga oshirish mexanizmlari ko‘rsatib o‘tilgan.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
818






Все о погоде - Pogoda.uz