O‘zA O`zbek

17.12.2019 Chop etish versiyasi

Vatanparvarlik – milliy yuksalish kafolati!

Vatanparvarlik – milliy yuksalish kafolati!

Prezidentimiz “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishni imzoladi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishga bag‘ishlangan vatanparvarlik oyligini 2019 yil 15 dekabrdan 2020 yil 15 yanvarga qadar o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar Dasturi tasdiqlandi.

Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti O‘zAga ma’lum qildi.

Farmoyishda Vatan himoyachilari kunining keng nishonlanishini ta’minlash davlat va jamoat tashkilotlarining birinchi navbatdagi vazifalaridan biri hamda har bir O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining sharafli burchi ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Shuningdek, ishchi guruh harbiy-ma’muriy sektorlar bilan hamkorlikda Dasturda belgilab berilgan bayram tadbirlarini “Vatanparvarlik – milliy yuksalish kafolati!” umumiy shiori ostida tashkiliy jihatdan yuksak saviyada amalga oshirish, davlat va jamoat tashkilotlarining rahbarlari tomonidan o‘zlari tahsil olgan oliy ta’lim muassasalari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablarida “Mardlik va jasorat” mavzusidagi darslar o‘tkazishi belgilangan.

Xususan, “Vatanparvarlik oyligi” davomida “Harbiy-vatanparvarlik karvonlari”ning ta’lim muassasalariga tashrifini uyushtirish, maktabgacha ta’lim muassasalarining tayyorlov guruhlarida “Men ham Vatanimga xizmat qilaman!” mavzusidagi estafetalar, shuningdek, harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi insho, surat, she’r va amaliy san’at hamda akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida chaqiruvga tayyorlanayotgan o‘spirin yoshlar o‘rtasida “Men albatta harbiy bo‘laman!” tanlovlarini o‘tkazish, mahalla, tuman, shahar viloyat markazlarida vatanparvarlik ruhidagi turli aksiyalarni tashkil etish, buyuk bobolarimiz jasoratini ifodalovchi sahna ko‘rinishlarini namoyish qilish kabi ko‘plab vazifalar ko‘zda tutilgan.

Mudofaa vazirligi fuqarolarimizni vatanparvarlik oyligida faol bo‘lishga, xalq va armiya birdamligini yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishga chorlab qoladi. 

3 758
O‘zA