Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.01.2017 13:38 Chop etish versiyasi

"Vatanparvar" sabog‘i bilan harbiy xizmatga

"Vatanparvar" sabog‘i bilan harbiy xizmatga O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan bo‘lajak askarlarni armiyada xizmat qilishga jismoniy, ma’naviy va texnik tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Buni tashkilotning Qashqadaryo viloyati kengashi faoliyati misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Tashkilotda Qurolli Kuchlarimiz uchun texnik mutaxassislar tayyorlash, sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirish hamda ommalashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan turli tadbirlar, tanlov va sport musobaqalari tashkil etilayotir.

– Tashkilot tasarrufida 1 shahar, 13 tuman kengashi, 15 o‘quv sport texnika klubi, Qarshi va Shahrisabz avtomobil maktablari, viloyat texnik va amaliy sport turlari unitar korxonasi faoliyat yuritmoqda, – deydi O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qashqadaryo viloyati kengashi rahbari Bobur Yazdanov. – Ularda har bir yo‘nalish bo‘yicha vatanparvar, yuksak ma’naviyatli va malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Viloyat kengashi tomonidan mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda ma’naviyat, harbiy vatanparvarlik targ‘iboti va ommaviy-tashkiliy ishlar yo‘nalishi bo‘yicha turli tadbirlar, davra suhbatlari o‘tkazilayotir. “Vatan kelajagi sening qo‘lingda!” mavzusidagi davra suhbatlari, 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Jasorat, burch, matonat” shiori ostida tashkil etilgan tadbirlar shular jumlasidandir. Mazkur tadbirlar doirasida viloyatdagi keksalar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlari holidan xabar olinib, esdalik sovg‘alari topshirildi.

Yoshlarni harbiy bilim yurtlariga ruhan va jismonan tayyorlash, ular o‘rtasida Vatanga muhabbat, harbiy vatanparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qilish, chegaralarimiz daxlsizligi, Vatanimiz xavfsizligini ta’minlash mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida sport musobaqalari tashkil etilmoqda. Ayniqsa, “Yosh chegarachilar”, “Shunqorlar”, “Harbiy amaliy ko‘pkurash” harbiy vatanparvarlik musobaqalariga o‘quvchi-yoshlar orasida qiziqish katta. Buning isbotini ushbu sport musobaqalarida qatnashuvchi yoshlar safi yil sayin kengayib borayotganida ham ko‘rish mumkin.

Qarshi shahri va Shahrisabz tumanidagi avtomobil maktablarida ham O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga harbiy-texnik mutaxassislar tayyorlash uchun barcha sharoit yaratilgan. O‘quv korpuslari zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlangan.

– Maktabda o‘quvchilarning zamonaviy bilim olishi uchun barcha sharoit mavjud, – deydi O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi tasarrufidagi Qarshi avtomobil maktabi boshlig‘i o‘rinbosari Alisher Shirinov. – Zamonaviy radio aloqa vositalari va komputer xonalari, sport zali, 125 o‘rinli yotoqxona va oshxona ular ixtiyorida. O‘tgan yili miltiqdan o‘q otish binosining yangidan qurib foydalanishga topshirilgani chaqiriluvchilarning harbiy sohadagi bilimlarni yanada puxta o‘zlashtirishiga xizmat qilmoqda.

Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashiga qarashli quyi tashkilotlarda sportning yozgi biatlon, triatlon, miltiqdan o‘q otish, harbiy-amaliy ko‘pkurash, modelsport, avtomoto turlari bo‘yicha 64 to‘garak va sport seksiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ayni paytda bu to‘garaklarga 1 ming 300 dan ziyod yosh jalb etilgan.

Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularni sport musobaqalariga jalb etish, haqiqiy vatanparvarlarni tarbiyalash nafaqat mamlakatimiz mudofaasining yuksalishiga, balki navqiron avlodning har tomonlama barkamol ulg‘ayishiga xizmat qiladi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA
4 035






Все о погоде - Pogoda.uz