O‘zA O`zbek

10.08.2018 09:28 Chop etish versiyasi

Vatanimizning bir parchasini his qildik

Vatanimizning bir parchasini his qildik
Tojikistonning ravon yo‘llari e’tiborimizni tortdi. Tekis yo‘l bo‘ladimi, purviqor tog‘lar bo‘ladimi mashinangiz “qilt” etmasdan qushdek uchadi.

Tojikiston Respublikasidan
O‘zA maxsusmuxbiri
Sharofiddin To‘laganov xabar qiladi

01.JPGShahristondan Dushanbe sari yo‘lga chiqar ekanmiz, baland tog‘lar orasiga yo‘l va tunnellar qurgan yo‘lsozlarga tasanno aytmaslikning iloji yo‘q. Tog‘lar xayolimni o‘g‘irladi. Faqat tomosha qilish kerak bu tog‘larni. Tojik xalqining buyukligi ham mana shu tog‘lar kabi yuksak.

Kechga yaqin Tojikiston poytaxtiga kirib keldik. Shaharga kiraverishda bizlarni Dushanbe shahar merining o‘rinbosari Mavsuma Mo‘iniy boshchiligidagi rahbarlar kutib olishdi.

Tojikiston Milliy kutubxonasiga bordik. O‘zbekiston delegatsiyasi uchun maxsus ko‘rgazma tashkillashtirildi. O‘zbekcha kitoblarni ko‘rib, qalbimiz tog‘dek ko‘tarildi. “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” kitobini taqdim qildik.

Tojikiston Milliy muzeyi ham katta taassurot qoldirdi. Nafaqat Tojikiston, balki butun Markaziy Osiyoga bag‘ishlangan eksponatlar bilan tanishar ekanmiz, o‘zbeklar va tojiklar birgalikda buyuk tarix yaratganiga yana bir bor amin bo‘ldik.

Tojikiston tarixida o‘zining munosib o‘rniga ega Hisor qal’asiga uyushtirilgan sayohat ham qiziqarli tashkillashtirilibdi.

Dushanbedagi “Istiqlol” sog‘lomlashtirish markaziga tashrifimiz davomida Tojikiston hukumatining mamlakat aholisi salomatligi yo‘lida amalga oshirayotgan keng qamrovli islohotlariga guvoh bo‘ldik.

“Varzin TV” telekanali faoliyati bilan tanishganimizdan so‘ng, Tojikiston OAV Akademiyasi binosida ikki mamlakat jurnalistlari ishtirokida o‘zaro muloqot bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda katta harflar bilan yozilsa arziydigan SOG‘INCHning guvohi bo‘ldim.

20180808_152518.jpg

Mehmon sifatida bizlarni oldingi qatorga o‘tqazishdi. Shunda qulog‘imga sof o‘zbek tilida “bugun O‘zAda ikkita maqola e’lon qilindi”, degan so‘zlar eshitildi. “Menimcha, qulog‘imga eshitilgan bo‘lsa kerak”, deya xayolga bordim. Muloqotda jurnalistlar ikki xalq do‘stligi, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari, ikki davlat rahbarining odilona siyosatlari haqida gapirdilar. Qarsaklar ustiga qarsaklar bo‘ldi. Men bunday samimiy va chin dildan bo‘lgan qarsaklarga yaqin orada guvoh bo‘lmagan edim. Tadbir belgilangan reja bo‘yicha bir soat davom etdi. Raislik qiluvchi tadbir yakunlanganini aytib, hammaga muvaffaqiyatlar tilaganidan keyin nima bo‘lganini yozsam, hech kim ishonmasa kerak. Hech kim zalni tark etishni istamadi. Bizni qo‘yib yuborgilari kelmasdi. Tanish bo‘lmasak ham, quchoqlashib ko‘rishdik. Avval belgilangan reja buzildi. O‘zaro muloqotlar norasmiy davom etdi. Mana shu norasmiy muloqot bir soatdan ortiq bo‘ldi. Tojikistonlik jurnalistlar o‘zbekistonlik hamkasblaridan, o‘zbekistonliklar esa Tojikiston OAV vakillaridan intervyular olishdi. Ko‘pchilik hamkasblar bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali do‘stlashadigan bo‘ldik.

20180809_165608.jpg

Dushanbe xuddi Xo‘jandda bo‘lgani kabi menga bolaligimni eslatib yubordi. Qishlog‘imiz markazida simyog‘ochda radiokarnay bo‘lardi. Axborot va qo‘shiqlar berilardi. Dushanbe va Xo‘janddagi simyog‘ochlardagi radiokarnaylarni ko‘rib, beg‘ubor bolaligimni esladim. Xo‘jandda ham, Dushanbeda ham adiokarnaylardan taralayotgan mayin taronalar yoshlarning ma’naviyati yuksak bo‘lishiga xizmat qiladi.

Dushanbe menga Toshkentni eslatib yubordi. Bir vaqtlar bizda ham trolleybuslar bo‘lardi. Simi chiqib ketib yarim soatlik masofaga 2 soatda borar edingiz. Ha aytgancha, Xo‘jandda avtobuslar kam ko‘zga tashlandi. Yo‘lovchilarga faqat marshrut taksilar xizmat qiladi.

20180809_085306.jpg

Dushanbening ozodaligiga tan bermasdan bo‘lmaydi. Shaharda hozircha chinorlar kesilmagan. Daraxtzorlar ko‘rk bag‘ishlab turibdi.

Yana bir jihat, Xo‘jandda yirtiq shim kiyib yurgan yoshlarni ko‘rmadik. Xotin-qizlar ayollar kiyishi lozim bo‘lgan lozimda edi. Dushanbeda ham mana shu holatning guvohi bo‘ldik. Havas bilan qaradik.

Katta ko‘chadan ketayotganimizda, “Artel” degan lavhani ko‘rib Vatanimizning bir parchasini his qildik.

2 053