Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.03.2017 17:31 Chop etish versiyasi

Vatanga sodiqlik qasamyodi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurtida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlarning harbiy qasamyod qabul qilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurti ofitserlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining yuksak samaralarini berayotgani alohida ta’kidlandi. Mustaqillik yillarida zamon talablariga javob beradigan tezkor va ixcham, zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlangan milliy armiyamiz barpo etildi. Milliy armiyamizning jangovar salohiyatini kuchaytirish, harbiylarning professional malakasini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilish, el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini, chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlash, Vatan himoyachisi degan nomga muyassar bo‘lish har bir yigit uchun nafaqat konstitutsiyaviy burch, balki oliy maqsadga aylandi. Muddatli harbiy xizmatni o‘tash shart-sharoitlari takomillashtirilishi munosabati bilan armiyaga chaqiruvni yilda bir marta – fevral-mart oylarida amalga oshirish tizimi yaratildi, mudofaa ishlari boshqarma va bo‘limlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi.

...Harbiy qasamyod – muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yigitlarning o‘z Vatani, xalqiga va Prezidentiga sadoqati ifodasidir. Harbiy xizmatchi Vatan sha’ni, uning ozodligi va mustaqilligi, xalqning tinch va osoyishta hayotini himoya qilishga va’da beradi. Shu bois qasamyod qabul qiladigan kun har bir askar uchun bir umr yodda qoladigan voqeadir.

​Oddiy askar Shavkat G‘afforov qasamyod qabul qildi.

– Men harbiy libos kiyib, el-yurt koriga kamarbasta bo‘layotganimdan, Vatanimiz tinchligiga hissa qo‘shayotganimdan faxrlanaman, – deydi u. – Maqsadim Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilishdir.

Samarqandlik G‘iyosiddin Fozilov katta o‘g‘li Qamariddin Qurbonovning qasamyod qabul qilish marosimini hayajon bilan kuzatib turdi.

– O‘g‘limning Vatanimizga va Prezidentimizga sodiqlik qasamyodini qabul qilganini ko‘rib, ko‘ksim tog‘dek ko‘tarildi, qalbim g‘urur-iftixorga to‘ldi, – deydi u. – Mustaqillik yoshlarimiz uchun milliy armiyamiz saflarida o‘z yigitlik burchini o‘tash, eng muhimi, ozod va obod Vatanimizning yanada ravnaq topishi, xalqimizning farovon hayot kechirishi, oilasi, yaqinlarining tinch va osoyishta yashashi uchun munosib hissa qo‘shish imkonini berdi.

Bayram Aytmurodov, O‘zA
366






Все о погоде - Pogoda.uz