O‘zA O`zbek

15.08.2018 18:14 Chop etish versiyasi

Vatanga sadoqatni harbiylardan o‘rganamiz

Vatanga sadoqatni harbiylardan o‘rganamiz Samarqand viloyatidagi mahallalar, korxona-tashkilotlar va muassasalarda Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi munosabati bilan respublika targ‘ibot guruhi tomonidan ma’naviy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Kattaqo‘rg‘on shahridagi harbiy qismda uyushtirilgan shunday tadbirda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirok etdi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist H.Komilov, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi mas’ul xodimi F.Akromova va boshqalar mustaqillikning davlat, jamiyat hayotidagi ahamiyati, bugungi kunda yurtimiz shahar va qishloqlarida amalga oshirilayotgan ulkan qurilish-bunyodkorlik ishlari, xususan, harbiy sohadagi islohotlar haqida so‘z yuritdi.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi asosida jamiyat hayotining barcha jabhalarida olib borilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi.

– “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” degan g‘oya mazmun-mohiyatini Vatanimizning asl posbonlari bo‘lgan harbiylarimiz yaxshi his qilishadi, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Orif To‘xtashev. – Aslida, vatanparvarlik, davlatimiz va xalqimizga sadoqatni harbiylardan o‘rganishimiz kerak. Shu sababli bugungi uchrashuvimizda mustaqillik qadr-qimmati, istiqlol bayramining shukuhi haqida faqat biz emas, askar va serjantlar, ofitserlar ham to‘lqinlanib gapirdilar.

Uchrashuvda taniqli xonandalar va yosh ijrochilar ishtirokida Vatan, tinchlik va mustaqillikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
2 805