O‘zA O`zbek

29.08.2018 10:40 Chop etish versiyasi

Vatan taqdiriga daxldorlik va masʼuliyat ragʻbati

Vatan taqdiriga daxldorlik va masʼuliyat ragʻbati

29-avgust – “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni taʼsis etilgan kun.

Vatan, xalq uchun fidoyilik va sadoqat bilan mehnat qilish farzandlik burchimiz va oliy sharafdir. El qachon suyadi, xizmatlar qachon eʼtirof etiladi? Qachonki, inson fidoyilik koʻrsatsa.

Azaldan el-yurt uchun jon koyitgan, vatan ravnaqiga ulush qoʻshgan, yurtparvar, sadoqatli va fidoyi kishilar munosib ragʻbatlantirilgan, qadrlangan.

Istiqlol yillarida inson shaʼnini qadrlash, ozod va obod vatan, erkin va demokratik davlat barpo etish, mustaqilligimizni mustahkamlash, xalqimizning tinch-osoyishta, farovon, baxtli va munosib hayot kechirishini taʼminlash, inson shaʼnini qadrlash borasida ulkan islohotlar amalga oshirildi.

Natijada xalqimizning buguni va ertasiga ishonchi mustahkamlandi, yurt ravnaqiga daxldorlik, vatanga yelka tutish, kamarbasta boʻlish tuygʻusi, bunyodkorlik salohiyati yuksaldi.

1996-yil 29-avgust kuni “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni taʼsis etilgani, islohotlar jarayonida faol ishtirok etayotgan, yurtga sadoqat bilan xizmat qilayotgan insonlarni ulugʻlash, oʻz salohiyati, bilimi, isteʼdodi bilan Vatanimiz ravnaqiga, uning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori yuksalishiga katta hissa qoʻshayotgan yurtdoshlarimizning taqdirlanayotgani yurtimizda inson qadri ulugʻligining isbotidir.

“Buyuk xizmatlari uchun“ ordeni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari qatorida, xorijiy davlatlarning fuqarolari ham fan, texnika, iqtisodiyot, madaniyatni rivojlantirishdagi katta xizmatlari, davlatlararo hamkorlikni rivojlantirishga hamda Oʻzbekistonning xalqaro obroʻsini oshirishga qaratilgan ichki va tashqi siyosatni amalga oshirish ishiga sezilarli hissa qoʻshganligi uchun taqdirlanadi.

Mukofotlangan shaxslar eng kam ish haqining oltmish karrasi miqdorida bir marta beriladigan pul mukofoti yoki shu summaga teng esdalik sovgʻasini oladi.

...“Uch ildiz”, “Qora koʻzlar”, “Olmos kamar”, “Yulduzli tunlar” va “Avlodlar dovoni”... Bu asarlar nomini ayta boshlashim bilan angladingizki, bu zabardast yozuvchi Pirimqul Qodirov qalamiga mansub.

Marhum adib, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi kabi unvonlar sohibi edi. Uning qalami yosh avlod ong-u shuuri, qalbini vatanga muhabbat, sadoqat, vafo, sof muhabbat bilan toʻldiradigan, mehnatning tagi rohat ekanini anglatadigan, tarbiya etadigan tarzda tebrangan. Shu bois ham sevimli adibimiz adabiyotga, yoshlar tarbiyasiga qoʻshgan hissasi uchun munosib ragʻbatlantirilib “Shuhrat“ medali, “El-yurt hurmati“ va “Buyuk xizmatlari uchun“ ordenlari bilan taqdirlangan.

Adibning romanlari koʻplab xorijiy tillarga oʻgirilgan va qator asarlari ekranlashtirilgan. Bu esa adib asarlarining qadr-qimmati yuqoriligini bildiradi.

Mazkur mukofot bilan taqdirlanganlar safini uzoq davom ettirish mumkin. Zero, Oʻzbekiston isteʼdodli, vatanparvar insonlar yurti.

– Sanʼat sohasidagi uzoq yillik faoliyatim, ijodiy ishlarim ushbu ordendagi birgina “buyuk” degan soʻzga munosib emas deb bilaman, – deydi “Buyuk xizmatlari uchun“ ordeni sohibi Abduhoshim Ismoilov. – Mazkur eʼtirofga ham bu yil oʻn yil boʻlibdi. Unda yuksak masʼuliyat, sanʼat yoʻlidagi bajarishim kerak boʻlgan ishlar yuki, xalqimizning yuksak ishonchi mujassamlashganini bir lahza boʻlsin yodimdan chiqargan emasman. Yurtimizda madaniyat, sanʼat, eng ahamiyatlisi maqomga berilayotgan yuksak eʼtibor sabab shunday ragʻbatlantirilganman deb hisoblayman. Bu sanʼatning, sozning ilohiyligidan desam mubolagʻa boʻlmaydi. Hali ijod yoʻlida bajarishim kerak boʻlgan vazifalarim koʻp. Orzu, maqsadlarim ham yuksak. Oʻzbek sanʼati, xususan oʻzbek maqomini butun dunyo ahli tinglaydigan, eʼtirof va eʼzoz etadigan boʻlgunicha mehnat qilishdan charchamayman. Bu mukofot orzularimga qanot, ijod qilishim uchun ilhomdir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda hamma soha rivojiga eʼtibor qaratmoqda. Bu yoʻlda yurtdoshlarimizning hamjihatligi, jipsligi, “bir yoqadan bosh chiqarib” harakat qilayotgani yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu yoʻlda fidoyilik koʻrsatayotgan yurtdoshlarimiz mehnati ushbu orden bilan ragʻbatlantirilmoqda. Ona Vatan, el-u xalq, farovon turmush uchun mehnat qilish, fidoyilik koʻrsatish, sadoqatli boʻlish ulkan ishdir.

B. Meliqulova, OʻzA
1 530