Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.05.2018 12:30 Chop etish versiyasi

Vatan obodligi, yurt farovonligieng oliy maqsad

Vatan obodligi, yurt farovonligieng oliy maqsad Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida “Obod qishloq” dasturi asosida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. “Poloson”, “Qapchug‘ay” hamda “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘inlarida bugunqurilish ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari avjida.

Ayni paytda uchta mahalla fuqarolar yig‘inidagi 8 ming 502 oilada qariyb 30 mingga yaqin aholi yashaydi. Tinchlik va Qapchug‘ay mahallasida 43 ko‘p qavatli uylar bor.

Qapchug‘aydan boshlangan keng qamrovli obodonlashtirish ishlari doirasida 38 ta’mirga muhtoj xonadonlar hamda 20 ko‘p qavatli uylarda 530 million so‘mlik bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Yangitdan ichimlik suvi tarmoqlari tortilib, 1 ta suv minorasi ta’mirlandi va 1 ta yangi suv nasosi o‘rnatildi. Piyodalar yo‘laklari barpo etilib, uylarning kirish yo‘laklariga asfalt yotqizish, 7 zamonaviy avtobus bekatlari qurish, yo‘l chetiga maxsus to‘siqlar o‘rnatish, suv ustidan o‘tgan ko‘priklar himoya to‘siqlarini yangilash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

Qapchug‘ayda davlat-xususiy sherikchilik tamoyili asosida 200 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi bunyod etilmoqda. Milliy mentalitetimizga monand ravishda qurilgan tandirxonalar, sanitariya-gigiyena tarmoqlari hudud ahlining hayotga munosabatini o‘zgartirdi. Dastur ijrosiga qadar tomidan chakki o‘tadigan almisoqdan qolgan uylar, noqonuniy, qo‘lbola tiklangan qo‘shimcha imoratlar, ichimlik suvi singari muammolar mazkur ko‘p qavatli uylarda yashovchilarning nochor turmush tarzidan dalolat berar edi.

5.JPG

16.JPG

– Ezgu tashabbuslar boshlangandan buyon o‘tgan vaqt mobaynida Polosonda 42, Tinchlik mahallasida 14 aholi xonadonlari hamda 21 ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash ishlariga 650 million so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi, – deydi Oltiariq tumani hokimi Xolmirza Niyozov. – Tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan 117,4 million so‘m mablag‘ evaziga yog‘och tayanchlar beton tayanchlarga almashtirildi. Farg‘ona viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali Oltiariq tumanlararo uchastkasi tomonidan yuqori va o‘rta bosimli gaz quvurlari, undagi qurilmalar va jihozlar ta’mirlandi. Oqova suv tarmoqlari tozalandi va yangitdan yotqizildi. Yangitdan ichimlik suvi tarmoqlari tortilib, ichki yo‘llarga shag‘al yotqizish, asfaltlashtirish ishlari davom ettirilmoqda.

Hozirgi kunda tunu kun ish tashkil etilib, belgilangan vazifalar ijrosi tez va sifatli bajarilishiga erishilmoqda. E’tiborlisi, hech kim mazkur jarayondan chetda turgani yo‘q. Ozoda va orasta, yorug‘ ko‘chalar, ta’lim muassasalari, savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari, aholi xonadonlaridagi yangilanish, o‘zgarishlar kimni ham quvontirmaydi deysiz!

19.JPG

– Biz el chorlaganda xizmatda sidqidildan kamarbasta bo‘lish uchun labbay, deydigan olijanob xalqning farzandlarimiz, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Farg‘ona viloyati kengashi raisi Ahadjon Akbarov. – Oltiariqdagi qurilish-bunyodkorlik ishlarida tuman yoshlari qatorida viloyatimizning 500 nafar uyushmagan yoshlari ham faol ishtirok etmoqda. Viloyat yoshlari yurt obodligi va xalq farovonligi yo‘lidagi ezgu tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishda faollik ko‘rsatayotganidan haqli ravishda faxrlanadi.

Hayotda aqlni shoshirib qo‘yadigan shunday yangilanish va o‘zgarishlar bo‘ladiki, bu tarixiy jarayonlar – ulkan bunyodkorlik davri sifatida e’tirof etiladi. Bugun oltiariqdan suv ichadigan Qapchug‘ay, Poloson va Tinchlik mahallasi ana shunday tarixiy jarayonning bevosita guvohi bo‘lmoqda.

Tinchlik shaharcha hududidagi madaniyat va istirohat bog‘i va uning atrofidagi ko‘p qavatli uylar uzoq yillardan bunyo qarovsiz qolgan edi. “Obod qishloq” dasturi doirasida mazkur hududda olib borilgan mukammal ta’mirlash, obodonchilik ishlari bog‘ husniga o‘zgacha fayz-tarovat bag‘ishladi. Ayni kunda bog‘ sathida bolalar o‘yin maydonchalari, turli ko‘ngilochar attraksionlar ish boshladi. Hududda non sexi, dehqon bozori qurildi, 300 o‘rinli madaniyat uyi ta’mirdan chiqarildi.

– Davlat mutasaddi idorasidagi faollarning xonadonimizga kelib qilgan samimiy muloqoti, amaliy yordamidan minnatdorman, – deydi Do‘stlik ko‘chasidagi 162-uy sohibasi Zuhro To‘ychiyeva. – Uyimizni ta’mirlash, qulay sharoit yaratishga qo‘limiz kaltalik qilardi. Qishlog‘imizda yurtboshimiz tashabbusi bilan boshlangan ibratli ishlar tufayli xonadonimiz obod, fayzli bo‘ldi. Bu hayotga, yashashga bo‘lgan ishtiyoq va daxldorlik hissimizni kuchaytirmoqda.

Mahallalarda g‘ayrat-shijoat bilan mehnat qilayotgan yo‘lsozlar, obodonlashtirish, kommunal soha vakillari, nuroniylar, yoshlar, barcha-barchani bitta mushtarak maqsad, u ham bo‘lsa – jondan aziz shu ona-Vatanni yanada obod, farovon etish istagi birlashtirgan desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
2 603