Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.01.2017 16:48 Chop etish versiyasi

Bo‘lg‘usi Vatan himoyachilari askar akalari bilan videomuloqot orqali suhbatlashdi

O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazida Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 25-yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab “Mening akam – harbiy” mavzuida videomuloqot o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari hamkorligida “O‘zbekiston – mustaqil Vatanimiz, milliy armiyamiz faxru g‘ururimiz!” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda Qashqadaryoda yigitlik burchini o‘tayotgan toshkentlik askarlarning aka-ukalari, opa-singillari, do‘stlari, poytaxtimizdagi harbiy qismlarda xizmat qilayotgan qashqadaryolik askarlar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi direktori U.Salimov va boshqalar mamlakatimiz xavfsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayoti, sarhadlarimiz daxlsizligi kafolati bo‘lgan milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.

Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25-yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab harbiy qismlarda, ta’lim muassasalarida, kollej va litseylarda, tashkilot va mahallalarda “Tinchlik uchun kurashmoq kerak”, “Vatan himoyasi – muqaddas burch!”, “Mening armiyam – mening faxrim”, “Mening akam – harbiy”, “Askar onalarini sharaflaymiz”, “Armiya va yoshlar”, “Vatan – ulug‘, burchim – muqaddas” kabi mavzularda turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Mazkur videomuloqotni o‘tkazishdan asosiy maqsad – Vatan himoyachilari kuni bayramining shukuhini butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz qalbiga yanada chuqurroq singdirish, ularda milliy armiyamizga nisbatan faxr-iftixor tuyg‘ularini oshirishdan iborat.

– Harbiy xizmat davomida tartib-intizom, qat’iyatlilikni o‘rgandim, – deydi Toshkent shahridagi harbiy qismlarning birida xizmat qilayotgan qashqadaryolik Bozor Ochilov. – Ota-onam, Prezidentimiz va xalqimiz bildirgan ishonchni oqlab, yurtimiz tinchligi va chegaralarimiz daxlsizligini asrashga o‘z hissamni qo‘shayotganimdan xursandman.

– Onlayn muloqotda akam bilan suhbatlashib, qalbim cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulari bilan to‘ldi, – deydi Olmazor tibbiyot kolleji o‘quvchisi Munisa Hamiddulayeva. – Akam davlatimiz tomonidan harbiy xizmatchilarga yaratilgan sharoitlar haqida gapirib berdi. Vatanimizni, bizni himoya qiladigan mana shunday ishonchli qalqonlar borligidan biz g‘ururlanamiz.

San’atkorlar ijrosida Vatan, tinchlik va mardlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar tadbirga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
172






Все о погоде - Pogoda.uz