Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.02.2017 16:22 Chop etish versiyasi

Vatan himoyasi ishonchli qo‘llarda

Qobiljonning quvonchi cheksiz. U o‘zini kamolga yetkazgan jonajon Vatan himoyasiga otlanmoqda.

– Bolaligimdan harbiy bo‘lishni orzu qilaman, – deydi u. – Televizorda harbiylar hayoti haqidagi filmlarni miriqib tomosha qilaman. Ularning hayotiga, faoliyatiga qiziqaman. "Katta bo‘lsam, men ham harbiy bo‘laman", deb orzu qilardim. Mana bugun maqsadimga erishayotganimdan baxtiyorman.

Uchtepalik Qobiljon oilada to‘rt o‘g‘ilning kenjasi. Bolaligidan sportning kikboksing turi bilan muntazam shug‘ullandi. Tumandagi 109-umumta’lim maktabini tamomlab, O‘zbekiston jahon tillari universiteti qoshidagi akademik litseyda tahsil oldi. Uning maktab va litseyda olgan bilimlari va sport bilan shug‘ullangani tibbiy, jismoniy ko‘riklardan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tishida katta ahamiyat kasb etdi.

Mamlakatimiz mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida Qurolli Kuchlarimizning moddiy va ma’naviy qiyofasi yangilandi. Zamon talablariga javob beradigan tezkor va ixcham, zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlangan milliy armiyamiz barpo etildi. Milliy armiyamizning jangovar salohiyatini kuchaytirish, harbiylarning professional malakasini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilish, el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini, chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlash, Vatan himoyachisi degan nomga muyassar bo‘lish har bir yigit uchun nafaqat konstitutsiyaviy burch, balki oliy maqsadga aylandi. Mustaqillik yoshlarimiz uchun milliy armiyamiz saflarida o‘z yigitlik burchini o‘tash, eng muhimi, ozod va obod Vatanimizning yanada ravnaq topishi, xalqimizning farovon hayot kechirishi, oilasi, yaqinlarining tinch va osoyishta yashashi uchun munosib hissa qo‘shish imkonini berdi.

Muddatli harbiy xizmatni o‘tash shart-sharoitlari takomillashtirilishi munosabati bilan armiyaga chaqiruvni yilda bir marta – fevral-mart oylarida amalga oshirish tizimi yaratildi, mudofaa ishlari boshqarma va bo‘limlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 21 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmasida ham fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish ishlariga puxta tayyorgarlik ko‘rildi.

– Harbiy xizmatni o‘tash uchun otlanayotgan yoshlarning sog‘lig‘i, jismoniy tayyorgarligi bilan birga ma’naviyati, intellektual salohiyati, axborot-kompyuter texnologiyalariga asoslangan ta’limning zamonaviy usul va shakllarini o‘zlashtira olish qobiliyati ham ko‘rikdan o‘tkazilib, eng munosiblari bir necha bosqichdan iborat tanlov orqali saralab olinmoqda, – deydi Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i Ergashali Toshtemirov. – Bu, o‘z navbatida, milliy armiyamiz saflarini Vatan himoyasidek sharafli ishga munosib kadrlar bilan to‘ldirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Bo‘lajak Vatan himoyachilariga Qurolli Kuchlarimizning mazmun-mohiyati, harbiy xizmatchilarga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik haqida tushuntirish ishlari olib borildi. Malakali mutaxassislardan iborat chaqiruv komissiyasi tashkil etildi. Yigitlarning bilim darajasini aniqlash maqsadida ularning maktab ta’limi dasturidagi majburiy fanlarni o‘zlashtirish darajasi, intellektual rivojlanish darajasi, shuningdek, moslashuvchanlik va chidamlilik qobiliyati tekshirildi. Shuningdek, ular jismoniy tayyorgarlik sinovidan o‘tkazildi. Test sinovlari yakunida milliy armiyamizda muddatli harbiy xizmat qilish uchun eng yuqori ball egalari saralab olindi.

Tibbiyot mutaxassislarining ta’kidlashicha, muddatli harbiy xizmatga otlanayotgan yoshlarning bo‘yi va vaznining mutanosibligi, jismonan baquvvatligi, ruhiy tetikligi, yaxshi bilimga egaligi kuzatilmoqda. Bunda ularning sog‘lom turmush tarziga amal qilishi, jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi, o‘zi qiziqqan soha bo‘yicha turli to‘garaklarga qatnashi alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Temurbek Irisboyev poytaxtimizning Bektemir tumanidan. U ham bolaligidan Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi singari buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lishga, hayotini harbiy soha bilan bog‘lashga astoydil harakat qildi. Tumandagi 293-umumta’lim maktabida o‘qish barobarida sport bilan shug‘ullandi. Toshkent politexnika kasb-hunar kollejini tamomlagach, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkilotida aloqa vositalaridan foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egalladi.

– Ona Vatan himoyasi uchun bel bog‘lab, harbiy libos kiyish – har bir yigitning orzusi, – deydi u. – Chunki ajdodlardan meros shu tabarruk zaminni, ota-onam, uka-singillarim yashayotgan uyimizni, tinch-osoyishta Vatanimizni himoya qilish eng sharafli burchdir. Kelajakda harbiy mutaxassis bo‘lish, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash, yurtimizga qalqon bo‘lishni maqsad qilganman. Muddatli harbiy xizmatga otlanayotganim maqsadim sari tashlayotgan ilk qadamimdir.

Bayram Aytmurodov, O‘zA
841






Все о погоде - Pogoda.uz