O‘zA O`zbek

10.08.2018 19:47 Chop etish versiyasi

Vatan himoyachisi qanday fazilatlarga ega bo‘lishi kerak?

Andijon shahridagi harbiy qismda “Din va milliy qadriyatlar” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari joriy yil 19-20 may kunlari Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida Sharqiy harbiy okrugga qarashli Andijon shahrida joylashgan harbiy qismda bo‘lib, yangi Mudofaa doktrinasi ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishgan va mazkur yo‘nalishda, ayniqsa, harbiy xizmatchilar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, ularni yuksak vatanparvarlik g‘oyalari ruhida tarbiyalash bo‘yicha qator topshiriqlar bergan edi.

O‘tgan vaqt mobaynida bu yo‘nalishda ko‘plab tadbirlar o‘tkazildi. “Din va milliy qadriyatlar” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir ham shular jumlasidandir.

Harbiy qism askarlari, ofitserlari, Andijon davlat universiteti o‘qituvchilari, ma’naviyat targ‘ibotchilari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi xodimlari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida zamonaviy qurollangan, bugungi kun talablariga to‘la javob bera oladigan tezkor milliy armiyamiz shakllantirilgani, harbiy xizmatchilarning xizmatni yuqori saviyada o‘tashi uchun barcha sharoitlar yaratilgani ta’kidlandi.

Tadbirda milliy va diniy qadriyatlarimiz, ularning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati, Vatan himoyasi, harbiy xizmatchining el-yurti oldidagi burch va vazifalari xususida atroflicha so‘z yuritildi.

– Vatan muqaddas, uni himoya qilish, dushmanlardan asrash, ravnaqi va farovonligi yo‘lida xizmat qilish har bir fuqaro uchun ham qarz, ham farzdir, – deydi Andijon shahridagi “Imom At-Termiziy” jomye masjidi imom-xatibi Abduhalim Hamroqulov. – Muborak hadislardan birida “Molini, jonini, dinini va ahlini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan kishi shahid maqomidadir” deyiladi. Hadisda aytilgan mol, jon, din va oila banda uchun eng qadrli bo‘lgan, u tug‘ilib o‘sgan maskan – Vatanni anglatadi. Demak, bundan ko‘rinadiki, Vatan himoyachisi bo‘lish mo‘min banda uchun ulug‘ maqomlardan biridir.

Tadbir ishtirokchilariga Vatan himoyachisi qanday fazilatlarga ega bo‘lishi lozimligi yurtimiz dovrug‘ini dunyoga taratgan buyuk ajdodlarimiz, xususan, islom olamida shuhrat qozongan ulug‘ alloma Najmiddin Kubro hayoti misolida aytib o‘tildi. Ma’lumki, minglab muridlari bo‘lgan shayx Najmiddin Kubro Vataniga yovlar bostirib kirganidan xabar topgach, birinchilardan bo‘lib uning himoyasiga otlanadi. G‘animlarhukmdori janglarda mardlik va jasorat ko‘rsatgan Najmiddin Kubroni qamalda qolgan shaharni tashlab, o‘zi ixtiyor qilgan tarafga ketishni taklif qiladi. Lekin o‘z jonini saqlab qolish yo‘lida Vatanini yovga topshirishni or bilgan alloma bosqinchilarga qarshi jangga kiradi va mardlarcha halok bo‘ladi.

Tadbirda harbiy xizmatchilarda ma’naviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, xususan, ularning ma’naviyatini, kitobga qiziqishini oshirish,mutolaa madaniyatini yuksaltirish xususida fikr-mulohaza bildirildi.

– Bu kabi uchrashuvlar bizning bilim va tushunchalarimizni yanada boyitmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Sharqiy harbiy okrug qism va muassasalari miqyosida o‘tkazilgan “Eng yaxshi kitobxon” tanlovi g‘olibi, oddiy askar Ravshanbek Shermonov. –Qolaversa, bunday tadbirlar biz, askarlarni ko‘p kitob o‘qishga, bilim va harbiy salohiyatimizni yuksaltirishga undamoqda.

Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
2 120