Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.08.2017 15:38 Chop etish versiyasi

Vatan fidoyi farzandlarini unutmaydi

Vatan fidoyi farzandlarini unutmaydi O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi ushbu shior ostida mustaqilligimizning 26-yilligiga bag‘ishlab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazmoqda.

Uychi tumani mudofaa bo‘limi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan tadbirga xizmat burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan 30ga yaqin harbiy xizmatchi va ichki ishlar tizimi xodimining oila a’zolari, farzandlari taklif etildi.

Tadbirda Vatan oldidagi muqaddas burchiga, qasamyodiga sodiq qolib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan o‘g‘lonlarning mardlik va jasoratga yo‘g‘rilgan ibratli hayoti haqida atroflicha ma’lumot berildi.

– El-yurt osoyishtaligi yo‘lida jonini qurbon qilgan harbiylar oilalariga hurmat-ehtirom ko‘rsatish biz uchun ham farz, ham qarz, – deydi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi raisi A.Aloxo‘jayev. – Tadbirda ularning oila a’zolari, ayniqsa, farzandlari otasining umri behuda o‘tmagani, xotiralari abadiyligidan faxrlandi, ular ko‘rsatgan mardlik va jasoratdan g‘ururlandi. Yoshlar o‘rtasida fidoyilik, vatanparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qilishda bunday tadbirlarning ahamiyati katta.

– Oilamizdagi yo‘qotishning o‘rnini hech narsa to‘ldira olmasa-da, turmush o‘rtog‘imning el-yurt tinchligi yo‘lida mardlarcha halok bo‘lgani ko‘nglimizga taskin beradi, – deydi xizmat burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchi Bahodir Buvayevning turmush o‘rtog‘i Iroda To‘xtayeva. – Yolg‘izgina o‘g‘lim ham ota izidan borib harbiy bo‘lmoqchi, uning bu orzusiga qarshiligim yo‘q. Ayniqsa, bugungidek tadbirlarda otasi sha’niga aytilayotgan yaxshi gaplar, uning xotirasi hurmati uchun bizga ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom uning ahdini yanada qat’iylashtiradi.

Tadbir mehmonlari to‘kin dasturxon atrofida bolalar musiqa va san’at maktabi jamoasi tomonidan tayyorlangan konsert dasturini tomosha qilib, mazmunli dam oldi. Ularga esdalik sovg‘alari topshirildi. 

Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), UzA
1 199






Все о погоде - Pogoda.uz