O‘zA O`zbek

07.08.2019 Chop etish versiyasi

“Vaqf“ fondi Samarqanddagi qishloqqa suv yetkazdi

“Vaqf“ fondi Samarqanddagi qishloqqa suv yetkazdi

“Vaqf“ xayriya jamoat fondi tomonidan bugungi kunda oʻnlab loyihalar amalga oshirilmoqda. Vaqf mulklarini tasarruf etish, koʻmakka muhtoj yoki tibbiy muolaja uchun mablagʻ talab etiladigan bemorlar uchun aksiyalar tashkil etilmoqda.

“Vaqf“ xayriya jamoat fondining “Vaqf mulki va obi-hayot“ aksiyasi doirasida Samarqand viloyati Nurobod tumani hududida joylashgan “Oqsoy“ mahalla fuqarolar yigʻiniga ichimlik suvi chiqarilishi boʻyicha xayrli ish amalga oshirildi. Ushbu amaliy ishlar “Oqsoy“ MFY raisi va bir guruh faollarining Fondga murojaati yuzasidan boshlangan edi. MFY raisi va faollari murojaatida zarur ashyolar roʻyxati va narxlari keltirib oʻtilgan boʻlib, ushbu murojaatga muvofiq Fond tomonidan 40 million soʻm mablagʻ oʻtkazib berildi.

Suv chiqarish ulkan ajrga sabab boʻluvchi amal boʻlib, xalqimiz asrlar davomida shu kabi ishlarni hashar yoʻli bilan amalga oshirib kelgan. Xuddi shunday savobli ish “Oqsoy“ qishlogʻida ham boshlanib, oxiriga yetmay qolgan. Bu masalada ayrim ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar orqali asossiz maʼlumotlar tarqatilib, Fond faqatgina “nayrangboz“ga chiqarilgan.

“Vaqf“ fondi yurtimiz moʻmin-musulmonlarini ulugʻ ayyom arafasida koʻproq xayrli ishlarni qilishga, Allohning roziligiga erishishda musobaqalashishga chaqiradi. Mahalla oqsoqollarini aytishicha, suv chiqarilgan quduq bir qancha yillar avval mahalla ahli tomonidan qazilgan. Biroq suvni qishloqqa olib kelish ishlari toʻxtab qolgan. Zarur ashyolar Fond tomonidan xarid qilinib, 2 kilometrlik transheya qazish uchun homiylar jalb qilingan.

Fondning homiylari, Fondning Samarqand viloyat filiali hamda “Hazrati Dovud“ ziyoratgohi xodimlari tashabbuslari bilan amaliy ishlar bajarilib, Nurobod tumani “Oqsoy“ MFYga 2 kilometr uzunlikdagi ichimlik suvi tarmogʻi qurib bitkazildi, qishloqning olti joyiga kran oʻrnatilib suv chiqarildi.

Ushbu ichimlik suvi tizimi orqali 200 dan ortiq xonadonga suv yetkazildi.

“Vaqf“ fondi jurnalistlar va blogerlarni holatni batafsil oʻrganib, obyektiv maʼlumot tarqatishga chaqiradi. Fond oʻz faoliyatida shaffoflikka tayanishni maqsadga muvofiq deya hisoblaydi. Saxovatli insonlar mablagʻiga amalga oshirilayotgan xayrli ishlarni boshqalarga oʻrnak maqsadida oshkor qilish aqlga zid ish emas.

Fond tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli ishlarda siz ham faol ishtirok eting, oʻz ehsonlaringizni ulkan ajrlarga erishtiruvchi saxovat ishlariga yoʻnaltiring.

“Vaqf“ xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati

6 214
OʻzA