O‘zA O`zbek

22.09.2019 Chop etish versiyasi

“Vaqf” fondi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan raddiya eʼlon qildi

“Vaqf” fondi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan raddiya eʼlon qildi

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Vaqf” fondi faoliyati haqida turli xabarlar tarqaldi. Ularda fondga kelib tushayotgan mablagʻlar maqsadsiz sarflanayotgani, shaffoflik yoʻqligi aytilgan. Fond ushbu holatga nisbatan raddiya eʼlon qildi.

“20-sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Vaqf” fondi faoliyati haqida yana asossiz xabarlar tarqaldi. Biz ushbu xabarlarda nima deyilgani, qanday yolgʻon toʻqilgani toʻgʻrisida toʻxtalmoqchi emasmiz“ deyiladi raddiyada.

Shuningdek, Fond tomonidan shu yil 9 oyi davomida bajarilgan eng asosiy xayriya ishlari bayon qilingan:

- 1593 nafar kam taʼminlangan, yordamga muhtoj oilalarga 1 milliard 841 million 587 ming soʻmlik moddiy yordam hamda 80 million soʻmlik 40 dona nogironlik aravachalari tarqatildi.

- Yordamga muhtoj 3 nafar fuqaroning uylari 8 923 000 soʻmlik Fond mablagʻlari va homiylarni jalb etgan holda qayta taʼmirlandi.

- “Vaqf” fondi tomonidan shu yil yanvar oyidan boshlab joylardagi 770 ta olis hududda joylashgan va kam daromadli masjidlar imom-xatiblariga oylik maoshlari uchun har oy 370 million soʻm miqdorda mablagʻ ajratilmoqda.

- Toshkent islom institutida yangi tashkil etilgan “Modul” taʼlim tizimida joylardagi masjidlarda mehnat qilayotgan oʻrta maxsus maʼlumotga ega boʻlgan imomlarni oliy taʼlimga jalb qilish boshlandi. Shu munosabat bilan 60 oʻringa moʻljallangan dars xonalar, oʻquv predmetlari, taʼlim dastgohlari, oshxona va yotoqxona uchun 190 million soʻm mablagʻ sarflandi.

- Shu yil fevral oyida Surxondaryo viloyatidagi “Bogʻi Obod”, “Sebzor” va “Ehtirom” mahallalarida istiqomat qilayotgan 8 ming nafar aholi toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Bu ishlarga jami 70 000 000 (yetmish million) soʻm sarflandi.

- Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga Ramazon oyida 157 million soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

- Ramazon oyida 2 milliard soʻm zakot va xayriya mablagʻlari haqdorlarga yetkazdi.

- Fond va hududiy filiallar tomonidan “Qurbonlik – 2019” xayriya tadbirlari tashkil etilib, ular doirasida 70 ga yaqin yirik va 260 ga yaqin kichik qoramol qurbonlik qilindi. Yigirma mingga yaqin kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan fuqarolarga qurbonlik goʻshtlari taqsimlab berildi.

- “Muruvvat karvoni” xayriya tadbirida 200 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan va boquvchisini yoʻqotgan shaxslarga oziq-ovqat mahsulotlari, nogironligi bor shaxslarga nogironlik aravachalari taqdim qilindi. Tadbirlar doirasida jami 190 million soʻm mablagʻ sarflandi.

- “Hilol-nashr” nashriyotida chop etilgan 93 million soʻmlik 3000 dona Qurʼoni karim kitoblari barcha viloyatlardagi jome masjidlarga hadya qilindi.

- 14 million soʻmlik diniy kitoblar Navoiy viloyatidagi 15 ta masjidga yetkazildi. Toshkent shahridagi “Suzuk ota” masjidi kutubxonasi uchun 3,7 million soʻmlik diniy kitoblar taqdim etildi.

- Toshkentdagi Xadichai Kubro oʻrta maxsus ayol-qizlar islom bilim yurtining 10 nafar talaba qizlariga 2-semestr uchun 27 050 000 soʻm oʻquv shartnoma puli toʻlab berildi.

- “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurtining 5 nafar ehtiyojmand talabasiga 16 250 000 soʻmlik oʻquv-shartnoma puli toʻlab berildi.

- Buxoro viloyatidagi “Joʻybori Kalon” ayol-qizlar oʻrta maxsus islom bilim yurtiga 30 million soʻmlik 10 dona kompyuter jamlanmasi berildi.

- Respublika gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan oq qon (leykoz) kasalligi bilan kasallangan bemorlarning 85 nafariga 137 million soʻm yordam pullari berildi.

- Eshitish va gapirishda nuqsoni bor fuqarolar uchun barcha viloyatlarda juma maʼruzalarini surdo tarjimalarini namoyish qilish loyihasi boʻyicha 70 million soʻm mablagʻ ajratildi.

- Navoiy shahrida homiylar yordamida 7 ta nikoh va 35 nafar bolaning sunnat toʻyi oʻtkazib berildi. Yosh oilalarga xayriya tariqasida 3 500 000 soʻmlik elektr-texnika jihozlari, sunnat toʻyi oʻtkazilayotgan bolalarga esa velosiped va kiyim-kechaklar yetkazib berildi.

- Toshkent shahridagi “Oltintepa” mahallasi hududida birinchi “Vaqf-med” dorixonasi tashkil etildi. Savdodan tushgan mablagʻ vaqf mulklarini shakllantirish va xayriya ishlariga yoʻnaltirilmoqda. Ayni paytda dorixonani dori mahsulotlari bilan boyitish ishlari olib borilmoqda.

- Non va non mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasida bir kunda 2 ming dona qolipli non ishlab chiqarilmoqda. Oʻz navbatida aytish kerakki, non va non mahsulotlarini ishlab chiqarish oʻziga xos qatʼiy talablari boʻlgani bois, ushbu sharoitlarni hozirlash uchun mazkur sex bir necha kun faoliyat olib bormadi. Shuningdek, ushbu sexga toza ichimlik suvi olib kelish uchun ham bir necha kun sarflandi. Ayni kunlarda sexning faoliyati bir maromda davom etmoqda.

- Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan 16 gektar Fondga ajratilgan yer maydonida bugungi kunda limon va kungaboqar ekinlari parvarishlanmoqda.

Oʻz navbatida aytish kerakki, “Vaqf” fondi Ustavi faoliyatiga asosan vaqf mulklarini shakllantirish uchun ishlab chiqarish korxonalari, savdo doʻkonlari va xizmat koʻrsatish shahobchalari ochish mumkin. Tushgan daromadning tegishli qismi xayriya ishlariga yoʻnaltiriladi.

- 2018 – 2019-yillar davomida ziyoratgohlarni qurilish-taʼmirlash, obodonlashtirish, kommunal toʻlovlarni toʻlash va 750 nafarga yaqin ziyoratgohlarda mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilarning ish haqlari va boshqa xarajatlarga jami 17,1 mlrd. soʻm mablagʻ sarflangan.

Raddiyada qayd etilganidek, “Vaqf” fondi hisob raqamlariga tushgan mablagʻlardan tashqari Fond masʼullarining saʼy-harakatlari va qoʻli ochiq kishilarning muruvvatlari bilan ham juda katta xayriya ishlari amalga oshirilmoqda. Masalan, Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro, Jizzax va Namangan viloyatlarining eng olis va chekka hududlarida joylashgan bir necha masjidlarning bunyod etish ishlariga 1 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ miqdoridagi qurilish materiallari yetkazilgan

Fond faoliyati shaffof boʻlib, mablagʻlar aylanishi va sarf-harajatlarini onlayn kuzatish mumkin, - deyiladi “Vaqf” xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati eʼlon qilgan raddiyada. - Har qanday saʼy-harakat bor joyda xato boʻlishi mumkin, ish-harakatsiz joydagina nuqson boʻlmaydi. Shunday ekan Siz azizlarning Fond ravnaqi yoʻlida bergan har bir taklif va mulohazalaringizni samimiy qabul qilamiz.

7 176
OʻzA