O‘zA O`zbek

09.11.2019 Chop etish versiyasi

“Valday” xalqaro munozara klubi X Osiyo konferensiyasi qatnashchilari Samarqandni ziyorat qildi

“Valday” xalqaro munozara klubi X Osiyo konferensiyasi qatnashchilari Samarqandni ziyorat qildi

Avval xabar berganimizdek, “Valday” xalqaro munozara klubining X Osiyo konferensiyasi joriy yilning 10-11-noyabr kunlari Samarqandda oʻtkaziladi.

“Markaziy Osiyo va Yevroosiyo: global tartibsizliklarning oldini olish boʻyicha keng qamrovli hamkorlik” mavzusidagi bu yilgi konferensiyada ishtirok etish uchun Samarqandga oʻndan ortiq xorijiy mamlakatdan ekspertlar, siyosatshunoslarning kelishi davom etmoqda.

Vaqtdan samarali foydalanish maqsadida ayni paytda Samarqandda boʻlib turgan mehmonlar uchun shaharning diqqatga sazovor joylari, tarixiy-madaniy obidalar boʻylab sayohat tashkil etildi.

Konferensiya qatnashchilari Amir Temur maqbarasi, Shohi Zinda yodgorlik majmuasi, Bibixonim masjidi va dunyoga mashhur Siyob dehqon bozorida boʻldilar. Ajdodlarimizdan meros tarixiy obidalar va ularning yaratilish tarixi, bir necha asrlar oʻtsa-da, bezavol asrab-avaylab kelinayotgani mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.

Sharq bozorining barcha xususiyatlarini oʻzida mujassam etgan Siyob bozoridagi toʻkin-sochinlik, serquyosh zaminimizda yetishtirilgan sarxil noz-neʼmatlar va oʻziga xos savdo madaniyati dunyoning turli mintaqalaridan kelgan siyosatchi va ekspertlarga manzur boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan konferensiya ertaga – 10-noyabr kuni Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida oʻz ishini boshlaydi.

Anjuman kun tartibiga qoʻyilgan masalalar orasida xalqaro xavfsizlik va makromintaqaviy barqarorlikni rivojlantirish mavzulari muhim oʻrin tutadi. Mintaqaviy hamkorlikni birgalikda rivojlantirish, global barqarorlik darajasini oshirish yoʻllarini qidirishga bagʻishlangan shoʻba majlislari tashkil qilinadi.

523
Gʻ.HASANOV, A.ISROILOV (surat), OʻzA