O‘zA O`zbek

12.07.2019 10:52 Chop etish versiyasi

Vakolatli organlar tomonidan fuqarolarning murojaatlari ijobiy hal qilinmayapti

Vakolatli organlar tomonidan fuqarolarning murojaatlari ijobiy hal qilinmayapti

Bunday mas’uliyatsizlik uchun 322 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi, shundan, 23 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi

Mansabdor shaxslar tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini buzish holatlariga yo‘l qo‘yilmoqda, shuningdek asossiz vaj bilan rad qilinayotir.

Davlat xizmatlari agentligiga joriy yilning o‘tgan yarim yili davomida 4 ming 380 murojaat tushgan bo‘lsa, ularni tahlil qilish shunday natija ko‘rsatgan.

Misol uchun fuqaro A.S. agentlikning 1148 raqamli ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, yashayotgan uyini xususiylashtira olmaganini bildirgan. Ma’lum bo‘lishicha, mutasaddi organlar tomonidan uning arizasi hech bir sababsiz orqaga surib kelingan. Agentlik mutaxassislari aralashganidan so‘nggina fuqaroning egalik huquqi e’tirof etildi.

Davlat xizmatlari agentligi mutaxassislari fuqarolarni qiynayotgan muammolarni tezroq bartaraf etish tarafdori. Buning uchun agentlik va uning hududiy tuzilmalariga kelib tushayotgan murojaatlarni doimiy tahlil qilish hamda ularni o‘z muddatida ijro etishni ta’minlovchi nazorat mexanizmi ham shakllantirilgan.

Xususan, elektron hujjatlar dasturi orqali kelib tushayotgan arizalarning tahlili va ularning ijro muddatini nazorat qilish tizimi mavjudligi bir qator muammolar va kamchiliklarni bartaraf etish imkoniyatini yaratmoqda.

Masalan, Agentlik va uning hududiy tuzilmalarida dolzarb muammolar tahlil qilinganda, ularning aksariyati bolalarni maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini olish bilan bog‘liqligi ayon bo‘lgan.

Eng ko‘p kelib tushgan murojaatlardan yana biri - yer uchastkalari, bino va inshootlarga kadastr hujjatlarni tayyorlash va rasmiylashtirishga oid. Ushbu murojaatlarning kelib chiqish sabablari doimiy ravishda o‘rganilib, tahlil qilinmoqda. Buning asosiy sabablari – vakolatli organlar tomonidan fuqarolarning murojaatlari ijobiy hal qilinmayotganligi, ularning mansabdor shaxslari tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini buzish holatlariga yo‘l qo‘yilayotgani, shuningdek asossiz vaj bilan rad qilinayotganligidir.

Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan vakolatli idoralarga 485 taqdimnoma, 2 mingga yaqin ogohnoma kiritilgan va 1,5 mingga yaqin ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Ta’sir choralari natijasida 322 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi. Shundan 23 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi va 1,5 mingga yaqin shaxsga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanildi.

Murojaatlar bilan ishlash tizimini yaxshilash, muammolarni hal etish bo‘yicha Agentlik va uning hududiy tuzilmalarida muayyan ishlar amalga oshirilganligi bilan bir qatorda, ayrim mas’ul xodimlar tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqishda kamchilik va qonun buzilishi holatlariga ham yo‘l qo‘yilganligi ham ma’lum bo‘ldi. Natijada 11 nafar xodim tomonidan aynan murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonun buzilishi holatiga yo‘l qo‘yganligi aniqlanib, ushbu xodimlarning 5 nafariga nisbatan “hayfsan”, 1 nafariga nisbatan “jarima” intizomiy javobgarlik choralari va 5 nafariga nisbatan esa ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilgan.

N.ABDURAIMOVA, O‘zA
527